21:15 / 15.10.2024
92

Olimlar miyaning ayrim qismlarini “yoqish va oʻchirish” yoʻlini oʻrgandi

Olimlar miyaning ayrim qismlarini “yoqish va oʻchirish” yoʻlini oʻrgandi
Foto: Unsplash
AQShdagi Weill Cornell Medicine kolleji, Rokfeller universiteti va Ikan tibbiyot maktabi olimlari miyadagi neyron guruhlarining faolligini boshqarishga imkon beradigan gen terapiyasi texnologiyasini ishlab chiqdi.

Gʻoyaga koʻra, u magnit maydon yordamida inson miyasidagi zanjirlarni oʻchirishi yoki yoqishi mumkin, bu esa Parkinson kasalligi yoki depressiya, surunkali ogʻriq va hatto semizlik kabi boshqa kasalliklarni davolashga yordam beradi.

Qizigʻi shundaki, fan va texnika rivojlanishi bilan birga miya kasalliklarini davolashning turli usullari paydo boʻla boshladi. Misol uchun, ma'lum nerv hujayralariga yorugʻlikka sezgir oqsillarni etkazib bera oladigan optogenetika usuli. Biroq buning uchun optik tolali implant kerak boʻlardi, ammo yangi tadqiqotda undan foydalanmasdan ham muvaffaqiyatga erishildi.

Dastlab olimlar maxsus xususiyatlarga ega oqsilni yaratdi, u ion kanallariga — hujayra membranasi orqali moddalar oʻtadigan maxsus yoʻllarga yigʻiladi. Soʻngra unga ferritin nomli temir tutuvchi oqsil-tuzoqqa yopishish imkoni berildi. Oxirgi qadamda, yuqorida aytib oʻtilgan ferritin tomonidan ushlab turilgan atomlarga ta'sir oʻtkazish va kanallarni ochib-yopish uchun magnit maydonidan foydalanildi.

Parkinson kasalligi bilan ogʻrigan sichqonlarda oʻtkazilgan dastlabki tajribalar yakunida magnit-rezonans tomograf yoki MRT ta'siri ostida sinalgan miyaning qismi joyida qotib qolgan. Ya'ni olimlar har qanday harakatni nazorat qila olgan. Gʻoyaga koʻra, texnologiyani odamlarda qoʻllash surunkali miya kasalliklari paytida xarakterli harakat tebranishlari va titrash, shuningdek, boshqa gʻayritabiiy harakatlarni kamaytirishga imkon beradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik