Jig‘ildon "qaynashi" oshqozon yarasi xastaligi alomati...mi?!

Salomatlik2 daqiqa o'qish306
Jig‘ildon "qaynashi" oshqozon yarasi xastaligi alomati...mi?!
Bugungi kunda oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasidan ko‘pchilik aziyat chekadi. Asosan 20-40 yosh atrofidagi insonlarda uchraydigan ushbu xastalik so‘nggi vaqtlarda hatto maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlarda ham ko‘p kuzatilmoqda.

Xo‘sh, bunga sabab nima? Ushbu kasallikdan qanday saqlanish mumkin?

Milliy tibbiyot markazi Terapevti, oliy toifali shifokor Akmal Abduxalilov shu kabi savollarga javob berdi.

— Oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi — surunkali, qaytalanuvchi va remissiya davrlari almashinib keluvchi xastalik bo‘lib, uning kelib chiqishiga, eng avvalo, tartibsiz va nosog‘lom ovqatlanish sabab bo‘ladi, — deydi shifokor.

— Ya’ni, o‘z vaqtida taomlanmaslik, shilliq qavatga salbiy ta’sir etuvchi hamda oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini kuchaytiruvchi achchiq, dudlangan, xamirli taomlar, pishiriqlar, quruq va sovuq yeguliklarni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish, bo‘yoqli va gazli hamda qahva kabi ichimliklarni me’yoridan ortiq ichish ushbu kasallikni yuzaga keltiradi.

Qolaversa, irsiy moyillik, "Helicobacter pylori" infeksiya­si, me’da shirasining ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishi, ayrim dori vositalarini nazoratsiz va uzoq muddat qabul qilish, asabiylashish, stress, chekish, spirtli ichimliklar ichish va tug‘ma nuqsonlar ham bunga sabab bo‘lishi mumkin.

Dard zo‘rayganda, bemor, asosan, og‘riqdan shikoyat qiladi. Oshqozonning orqa devori va kardial qismi yaralarida og‘riq ovqat iste’mol qilgandan keyin yuzaga keladi. Ular simillovchi xarakterda bo‘lib, ko‘p hollarda to‘sh orti va yurak sohasida kuzatiladi. Alkogolli ichimliklar va achchiq oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish yoki jismoniy og‘ir ishlarni bajarganda og‘riq yanada kuchayadi.

Shu bilan birga, ishtahaning pasayishi, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, qorin dam bo‘lishi, kekirish, og‘iz bo‘shlig‘ida achchiq yoki nordon ta’m sezilishi kabi belgilar ham ushbu kasallikning alomati bo‘lishi mumkin.

Xastalik yaraning joylashishi, o‘lchamlari, chuqurligi, oshqozonning sekretor faoliyati, bemor yoshiga bog‘liq holda turlicha kechadi.

Uni faqat dori-darmon bilangina davolab bo‘lmaydi. Aksincha, kasallikka yondashuv kompleks tarzda bo‘lishi, xususan, bemorning umumiy ahvoli va shikoyatlarini atroflicha o‘rganish zarur. Shundan so‘ng shifokor tavsiyasi bilan endoskopik tekshiruv, oshqozon traktini rentgenogramma orqali ko‘rish, "Helicobacter pylori" infeksiyasini aniqlashga doir qon tahlillari o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, me’da shirasining kislotaliligini kamaytirish talab etiladi. Bu esa jig‘ildon qaynashi, kekirish va ko‘ngil aynishi kabi yoqimsiz alomatlarni bartaraf etishga yordam beradi.

Agar kasallik ilk bosqichda bo‘lsa, kerakli preparatlar buyuriladi. Uni davolashning yana bir usuli jarohlik amaliyotidir. Bunda mazkur a’zoning ma’lum qismini operativ yo‘l bilan rezeksiya (kesib olib tashlash) qilinadi.

Bu kasallik uzoq muddat davolanishni talab etadigan xastalikdir. Ayniqsa, muolajaga yetarlicha e’tibor berilmasa, saratonni keltirib chiqarishi mumkin.

Oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasining oldini olishda kuniga uch yoki to‘rt marta, kam-kamdan ovqatlanish, kechqurun hazmi og‘ir taomlardan tiyilish, tabiiy mahsulotlar — meva, sabzavotlarni ko‘proq tanavvul qilish, margarin, mayonezlardan tayyorlangan yeguliklarni kamroq iste’mol qilish, ko‘proq suv ichish juda muhim. Eng asosiysi, me’da xastaliklariga duchor bo‘lmaslik uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish lozim.

Keyingi yangilik

Maqola sizga yoqdimi?

Obuna bilan reklama bo'lmaydi

Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm

Izohlar0

…

  1. Futbol akademiyalari uchun Skaut: to‘lov, davomat va ota-ona bilan aloqa endi bitta tizimda
  2. Toshkentdan Amerikaga: Nurmuxammad Ismoilov Akinda orqali halol investitsiyani global miqyosga olib chiqmoqda
  3. Avtoservisingizni raqamlashtiring: Bip Business bilan mijozlarni yo‘qotmang
  4. Mashina oynasiga raqam yozish xavflimi? Bip haydovchilar uchun yangi yechim topdi!
  5. 8 ta keng tarqalgan moliyaviy xato: nimalardan saqlanish kerak?
  6. Playmatch: maydon egalari ishini ancha yengillashtiradi
  7. Playmatch: futbol o‘ynash uchun kerakli barcha xizmatlar bitta ilovada
  8. Kundalik xarajatlar uchun kartani qanday tanlash mumkin?
  9. Eldor Shomurodov futbol akademiyasi va TBC Bank: bolalik orzularidan katta futbolgacha
  10. ANORBANK Boʻstonliqdagi 168-son maktab-internat tarbiyalanuvchilarini tabrikladi
  11. Haydovchilar va tashuvchilar uchun OSGOP sug‘urtasining afzalliklari...
  12. Pure Milky’dan navbatdagi kreativ: Har qadam — aziz insonlarga mehr bilan!
  13. Kredit olish imkoniyatini oshirish uchun qayerda ishlash kerak?
  14. Biznes imkoniyatingizni kengaytiring
  15. Fanning rivojlanishiga barchamiz mas’ulmiz!
  16. XIV Toshkent xalqaro kinofestivali qanday o‘tkazilmoqda?