
Ortiqcha vazndan qutulish uchun turli parhezlar, mashqlar va hayot tarziga oid tavsiyalar bisyor. Ular orasida barchaga tanish bo‘lgan, yillar davomida ommalashgan, lekin ilmiy jihatdan samarasiz deb topilgan tavsiyalar ham bo‘lib, ular insonlarni chalg‘itadi va natijada vazn tashlash jarayonini yanada murakkablashtiradi. Ushbu maqolada biz ortiqcha vazndan xalos bo‘lish borasidagi eng keng tarqalgan, ammo foydali bo‘lmagan aldamchi usullarni ko‘rib chiqamiz.
Ozdiruvchi choy va qahvalar
Hech qanday qiyinchiliklarsiz ortiqcha kilogrammlardan qutulish taklifi qanchalik jozibali va ishonarli ko‘rinmasin, shunchaki ozdiruvchi ichimliklar iste’mol qilish orqali katta o‘zgarishlarga erishish mushkul. Bunday ichimliklar birgina holatda: hech narsa yemay, faqatgina ozdiruvchi ichimliklar ichganda haqiqatda vazn kamayadi, ammo shu bilan birga sog‘liqda ham jiddiy muammolarga tayyor turish kerak bo‘ladi.
Yog‘larni eritadigan kokteyllar
Mazkur kokteyllar ta’siri kaloriya tanqisligi tamoyiliga asoslanadi: bunda iste’molchi tushlik yoki kechki ovqat o‘rniga “sehrli” kokteyl iste’mol qiladi. Ha, bunday tarzda bir necha kilogramm vazndan xalos bo‘lish mumkin, ammo mazkur usul ovqatlanish odatlarini o‘zgartirmaydi.Mo‘jizaviy ichimliklardan voz kechishingiz va odatdagi ovqatlanish tartibiga qaytishingiz bilanoq yo‘qotilgan vazn yana o‘rniga qaytadi.
Oziq-ovqat plyonkasi bilan o‘rash
Oziq-ovqat plyonkasi bilan tanani o‘rash usuli ko‘p hollarda tezda vazn tashlashning oddiy yo‘li sifatida tavsiya qilinadi. Bunda qorin, son yoki qo‘llarga maxsus surtib, plyonka bilan o‘raladi. Ko‘pincha bunday usul sport bilan birga qo‘llanadi, natijada ter ajralishi ortib, tana suyuqlik yo‘qotadi.
Plyonka ostida ter ajralishi ko‘paygani uchun tana suyuqlikni yo‘qotadi va natijada tana vazni bir oz kamayadi. Biroq bu yog‘ yo‘qotilishi hisobiga emas, balki faqat suyuqlikning vaqtincha chiqib ketishi natijasida sodir bo‘ladi. Ichimlik ichilgandan so‘ng tana yana oldingi vazniga qaytadi.
Yog‘larni erituvchi mahsulotlar
Zanjabil, greypfrut, selderey va boshqa shu kabi mahsulotlar haqiqatan ham foydali bo‘lib, sog‘lom ovqatlanish tarzi uchun mosdir. Ammo bunday mahsulotlarga ortiqcha baho berib yubormaslik kerak: afsuski, ular tanadagi ortiqcha yog‘ zaxiralarini eritishga qodir emas.
Soat 12:00 dan avval va 18:00 dan keyin ovqatlanmaslik qoidasi
Kaloriya, iste’mol qilinadigan mahsulotlar hamda doimiy harakatda bo‘lishga e’tibor qilmasangiz, vaqt bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar foyda bermaydi. Asosiy urg‘u ovqatlanish uchun ajratgan vaqt oralig‘iga emas, balki kun davomida nimalar va qancha miqdorda yeyilishiga berilish lozim.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar