date
views 1 716

Mushuk yoki it – uydagi tabiiy shifobaxsh vosita

Mushuk yoki it – uydagi tabiiy shifobaxsh vosita
Hayvonlar bilan bir xonadonda yashash nafaqat ruhiy taskin va yolg‘izlikdan xalos bo‘lishga yordam beradi, balki inson organizmi uchun ham katta foyda keltirishi mumkin. Ilmiy tadqiqotlar shunga ishora qilmoqdaki, hayvonlar bilan yaqin munosabat immun tizimining faollashishiga, ba’zi kasalliklar xavfining kamayishiga sabab bo‘ladi.

Ayniqsa, kichik yoshda hayvonlar bilan birga o‘sgan bolalarda allergiya, ekzema va hatto autoimmun kasalliklar kabi xastaliklar ancha kam kuzatiladi. Bu haqda AQSH va Yevropa olimlari olib borgan tadqiqotlar guvohlik bermoqda.

Amishlar misoli: tabiiy hayot – tabiiy sog‘liq

18-asrda Markaziy Yevropadan Amerikaga ko‘chib kelgan Amishlar aholisi bugungi kunga kelib ham o‘z an’anaviy hayot tarzini saqlab qolgan. Ular hozirgi kunda ham ot aravada yuradi, uylarida hayvonlar bilan birga yashaydi va deyarli texnologik uskunalardan foydalanmaydi. Ammo ularda allergiya, astma va immun tizimi bilan bog‘liq boshqa muammolar juda kam uchraydi.

2012 yili Indiana shtatidagi Amishlar va Janubiy Dakotadagi Xutteritlar qishloq jamoalarining bolalari o‘rtasida tadqiqot o‘tkazildi. Har ikki jamoa sof havo, tabiiy ovqat va fermerchilikka tayangan turmush tarzi bilan yashayotgan bo‘lsa-da, natijalar sezilarli farq qildi. Xutterit bolalarida allergiya va astma holatlari Amishlarga nisbatan 4–6 marta ko‘p aniqlandi.

Sababi nima?

Asosiy farq shundaki, Xutteritlar fermerlikda zamonaviy sanoat texnologiyalarini qo‘llaydi. Hayvonlar uydan alohida, maxsus fermalarda saqlanadi. Amishlar esa hayvonlar bilan bir xonadonda yashaydi. Bu esa inson organizmining turli mikroorganizmlar bilan muntazam aloqada bo‘lishiga olib keladi.

Mikroblar – dushman emas, do‘st

It, mushuk, qushlar va boshqa uy hayvonlari inson terisi, og‘iz bo‘shlig‘i va hatto ichak mikroflorasiga turli bakteriyalarni vaqtincha olib kirishi mumkin. Ilk qarashda bunday holat salbiy tuyulishi mumkin, biroq olimlar bu organizm uchun foydali ekanini qayd etishmoqda.

Viskonsin universiteti professori Nasiya Safdar va uning hamkasblari hayvonlar bilan yashayotgan insonlarning mikrobiomini tahlil qilish orqali inson va hayvon o‘rtasidagi mikrob almashinuvini o‘rganmoqdalar. Ularga ko‘ra, bu holat immunitetni "tarbiyalaydi", ya’ni organizm immun javoblarni to‘g‘ri shakllantirishni o‘rganadi.

Biroq, ba’zi olimlar bu fikrga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Masalan, professor Gilbertning ta’kidlashicha, hayvon bakteriyalari organizmda doimiy qolmasligi mumkin, ammo ularning vaqtincha ta’siri ham muhim immunologik reaksiyalarni ishga tushiradi.

Mikroblarning tarixiy ildizlari

Irlandiyalik mikrobiolog Fergus Shanaxan Irlandiyadagi rom xalqining mikrobiomini tahlil qilib, ularda hanuzgacha "qadimiy mikroblar" saqlanib qolganini aniqladi. Bu esa Tanzaniya, Fiji, Mongoliya va boshqa an’anaviy turmush tarzida yashaydigan jamoalarnikiga o‘xshash. Ularda autoimmun kasalliklar, Kron xastaligi, ichak yallig‘lanishi yoki diabet kabi murakkab xastaliklar deyarli uchramaydi.

Hulosa: hayvonlar inson salomatligining tabiiy yordamchisi

It bilan sayr qilish, mushukni silab o‘tirish yoki hayvonlar bilan yaqinda yashash – bularning barchasi organizmimizni turli bakteriyalar bilan aloqaga kirishishiga sabab bo‘ladi. Immunolog Liam O'Maxoni ta’kidlaganidek, inson tanasi o‘ziga noyob tarzda mos keladigan bakteriyalar bilan muhitda yashash orqali immun tizimini tabiiy tarzda chiniqtiradi.

Dunyoda ba’zi maktab va markazlarda bolalar uchun hayvonlar bilan muloqot qilish imkoniyati yaratilayotgani bejiz emas. Masalan, Italiyada otlar bilan bolalar muloqot qilishi uchun maxsus fermalar tashkil etildi. Natijada bolalar ichaklarida foydali bakteriyalar soni ortdi.

Shunday ekan, uyda hayvon boqish nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham salomatlik manbai bo‘lishi mumkin. Tabiatga yaqinlik – inson salomatligining asosiy omillaridan biri ekanini unutmaslik kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Mushuk yoki it – uydagi tabiiy shifobaxsh vosita