date

Davlat xizmatchilari uchun yangi tartib: har kuni sport, tarozidan o‘tish majburiy

Davlat xizmatchilari uchun yangi tartib: har kuni sport, tarozidan o‘tish majburiy
1 avgustdan boshlab davlat tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, endilikda har bir davlat xizmatchisi o‘z tana vazni indeksini (BMI) nazorat qilib borishi lozim bo‘ladi. Bu ma’lumotlar maxsus elektron platforma — hrm.argos.uz orqali qayd etiladi.

Yangi tizimga ko‘ra, ish kunining muayyan vaqtida jismoniy mashqlar majburiy tarzda o‘tkaziladi. Davlat muassasalari hududida sport burchaklari, fitnes maydonlari va yugurish yo‘laklari tashkil etiladi. Mashg‘ulotlar davomida xodimlarning vazni sportni targ‘ib etuvchi instruktorlar tomonidan tekshirilib, natijalar elektron bazada saqlanadi.

Bundan tashqari, tashkilot oshxonalarida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi. Ratsional va to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish maqsadida shirinliklar, moyli taomlar, mayda xamirli pishiriqlar va gazli ichimliklar savdosiga cheklovlar qo‘yiladi. Ularning o‘rnini sabzavot, meva va foydali mahsulotlar egallaydi.

Shuningdek, tegishli qarorga asosan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab barcha davlat xizmatchilari yiliga kamida bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu orqali profilaktik nazoratni kuchaytirish va kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsad qilingan.

Mazkur islohot davlat xizmatchilari salomatligini yaxshilash, ish qobiliyatini oshirish va umumiy hayot sifatini ko‘tarishga qaratilgan. Hukumat ushbu tashabbusni keyinchalik xususiy sektorda ham bosqichma-bosqich joriy etishni ko‘zda tutmoqda.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, mazkur chora-tadbirlar nafaqat xodimlarning jismoniy holatini yaxshilaydi, balki umumiy mehnat unumdorligini ham oshiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Davlat xizmatchilari uchun yangi tartib: har kuni sport, tarozidan o‘tish majburiy