date

Sog‘lom va chiroyli sochlar siri: har kunlik to‘g‘ri parvarish qoidalari

Sog‘lom va chiroyli sochlar siri: har kunlik to‘g‘ri parvarish qoidalari
Soch inson tashqi ko‘rinishining eng muhim qismlaridan biridir. Yurish-turishdan tortib, odamning umumiy obrazigacha — barchasida soch muhim rol o‘ynaydi. Ammo ko‘pchilik unga faqat sartaroshga borishda e’tibor qaratadi. Aslida esa sog‘lom va jozibador sochlar muntazam va to‘g‘ri parvarish talab etadi.

Kuniga 50-100 tola soch to‘kiladi – bu me’yor. Ammo…
Inson boshida o‘rtacha 100 mingga yaqin soch bo‘ladi. Shulardan kuniga 50-100 tasi tabiiy tarzda to‘kiladi. Ammo bu son ortsa, masalaga jiddiy qarash kerak bo‘ladi. Ayniqsa, erkaklar ko‘pincha soch sog‘ligiga e’tiborsizlik qilishadi. Bu esa vaqt o‘tgan sayin qiyin tiklanadigan muammolarga olib kelishi mumkin.

To‘g‘ri vositalarni tanlang – bu muvaffaqiyatning yarmi
Har bir insonning soch turi o‘ziga xos bo‘ladi: yog‘li, quruq, aralash yoki normal. Shu sababli shampun va balzamni aynan soch turiga moslab tanlash lozim. Agar o‘zingizda shubha bo‘lsa, tajribali sartarosh yoki dermatolog bilan maslahatlashish foydali bo‘ladi.

Soch yuvish – tozalik va parvarishning boshlanish nuqtasi
Sochni toza saqlash uni sog‘lom ushlab turishning eng asosiy omillaridan biridir. Yog‘li sochlarni 2-3 kunda, quruq sochlarni esa 5-6 kunda yuvish tavsiya etiladi. Juda issiq suvdan foydalanish esa soch ildizlariga zarar yetkazishi mumkin.

Tarash – sochlar uchun tabiiiy massaj
Sochni har kuni tarash nafaqat chiroyli ko‘rinish, balki bosh terisidagi qon aylanishini faollashtirish uchun ham muhim. Bu yog‘ bezlari faoliyatini tartibga soladi va sochlar bo‘ylab tabiiy namlanishni ta’minlaydi. Biroq ho‘l sochni tortib tarash emas, balki ehtiyotkorlik bilan tarash kerak.

Quritish – oddiy, ammo e’tiborli jarayon
Yog‘li yoki normal sochlar fen bilan quritilishi mumkin, lekin quruq sochlar uchun bu usul zararli. Bunday sochlar yumshoq sochiq yordamida asta quritilishi lozim.

Sochni kaltalatish – sog‘lom o‘sish kafolati
Sochni har 3-4 haftada sartaroshga olib borib, uchlarini kaltalatib turish tavsiya etiladi. Bu nafaqat chiroyli ko‘rinish, balki sochlarning sinishini oldini olish uchun ham zarur.

Bosh terisiga e’tibor bering – muammo ildizi shu yerda
Qichishish, qizish, kepaklanish yoki sho‘ralanish — bular bosh terisidagi muammolar belgisi. Soch to‘kilishi, yog‘lanish yoki qurish ham organizm ichki muvozanatining buzilganidan darak beradi. Shuning uchun vaqtida dermatolog yoki trixologga murojaat qilish foydadan holi bo‘lmaydi.

Bosh kiyim – fasllarga mos himoya vositasi
Sovuq havoda soch ildizlari muzlab, to‘kila boshlashi, jazirama yozda esa quyosh ta’siridan qurib, sinishi mumkin. Bunday salbiy ta’sirlarni kamaytirish uchun qishda issiq, yozda esa yengil va havoni o‘tkazadigan bosh kiyim kiyish lozim.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Sog‘lom va chiroyli sochlar siri: har kunlik to‘g‘ri parvarish qoidalari