date

Quyoshda qolgan ichimlik saraton xavfini kuchaytiradi

Quyoshda qolgan ichimlik saraton xavfini kuchaytiradi
Yozning issiq, chanqoqni qo‘zg‘atuvchi kunlarida sovuq ichimliklarga bo‘lgan talab oshib boradi. Gazlangan suvlar, energetiklar, rangli yoki shirali mahsulotlar deyarli har bir do‘kon yoki yo‘l yoqasida sotuvga qo‘yiladi. Biroq ko‘p hollarda bu mahsulotlar quyosh tig‘i ostida, sanitar talablar bajarilmagan holda saqlanadi. Bunday sharoitda ushbu ichimliklar inson sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Masalan, plastik idishlardagi ichimliklar to‘g‘ri haroratda saqlanmasa, ular tarkibidagi zararli moddalar – bisfenol A, formaldegid, ftalat, stirol kabi kimyoviy qo‘shimchalar erkin holatga o‘tib, suyuqlikka aralashadi. Bu moddalar esa asab va endokrin tizimni zararlaydi, immunitetni susaytiradi va hatto onkologik kasalliklar xavfi ortadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya markazi mutaxassisi Olimjon Imomov ta’kidlaganidek, bunday ichimliklar organizmda oqsil va yog‘lar almashinuviga salbiy ta’sir qilib, reproduktiv va miya faoliyatiga ham zarar yetkazishi mumkin.

Shuningdek, rangli va gazli ichimliklarda ko‘pincha sun’iy moddalar bo‘ladi. Ular quyosh ta’sirida o‘zgarib, allergiya, giperfaollik, jigar va buyrakka ortiqcha yuklama kabi muammolarni keltirib chiqaradi.

Energetik va kofeinli ichimliklar esa o‘ziga xos muammo tug‘diradi: ular organizmni suvsizlantiradi, ya’ni organizm suyuqlikni saqlash o‘rniga undan tez xalos bo‘ladi. Bu esa qon bosimining tushishi, bosh og‘rig‘i va holsizlikka sabab bo‘ladi.

Quyoshda saqlanayotgan ichimliklarda bakteriyalar rivojlanishi ehtimoli ham yuqori. Agar idish iflos bo‘lsa yoki qopqog‘i ochilgan bo‘lsa, ular orqali dizenteriya, salmonellyoz va ichak tayoqchasi kabi xastaliklar yuqishi mumkin.

Nima qilish kerak?
– Quyosh nuri ostida turgan ichimliklardan voz keching;
– Savdo nuqtasi va sotuvchi gigiyenasiga e’tibor bering;
– Uyda tayyorlangan tabiiy sharbatlar, sovuq ko‘k choy yoki gazlanmagan suvni tanlang.

Sog‘ligingiz o‘z qo‘lingizda. Chanqoqni bosish uchun qulay, ammo xavfli yechimlarni emas, tabiiy va xavfsiz ichimliklarni tanlashni odat qiling.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Quyoshda qolgan ichimlik saraton xavfini kuchaytiradi