
Yoz fasli — barcha uchun quyosh, tarovati kelib turgan yangi sabzavot-u mevalar va orziqib kutiladigan ta’tillar vaqti. Lekin aynan shu faslda kasalxonalarga ichak infeksiyalari bilan murojaat qilish soni keskin ko‘payishi kuzatiladi. Buning sababi nimada va o‘zimiz hamda farzandlarimizni qanday himoya qila olamiz?
Ichak infeksiyalari nima uchun yozda tez tarqaladi?
Feldsher Arujan Xanturinaga ko‘ra, havo harorati Selsiy bo‘yicha plyus 25 darajadan oshib ketganda bakteriya va viruslar oziq-ovqatlarda ham, qo‘llarda ham jadal sur’atda ko‘paya boshlaydi. Ayniqsa, issiqda noto‘g‘ri saqlangan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha soat ichida xavfli infeksiya manbaiga aylanadi.
Mutaxassis ta’kidlashicha, ayniqsa, salmonellyoz, dizenteriya, rotavirus va oziq-ovqat toksikoinfeksiyalari ko‘p uchraydi. Bunda bolalar, keksalar va immuniteti past bo‘lgan insonlar alohida xavf ostida turishadi. Ularda kasallikning hatto yengil ko‘rinishi ham jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.
Kasalliklarning asosiy sababi: gigiyenaga e’tiborsizlik
Tibbiyot xodimi ta’kidlashicha, barcha ichak infeksiyalarining 70 foizi aynan kir qo‘llar orqali yuqadi. Odamlar kun davomida pul, eshik tutqichlari, telefonlar va turli buyumlarga teginadilar, keyin esa ovqatlanish paytida qo‘l yuvishni unutadilar. Bu esa bakteriya va viruslar uchun qulay sharoit yaratib beradi.
Mutaxassis maslahatiga ko‘ra, qo‘llarni ovqatdan oldin, hojatxonadan keyin va ko‘chadan kelganingizdan so‘ng kamida 30 soniya sovun bilan yaxshilab yuvish lozim. Qo‘shimcha ravishda, antiseptik vositalardan, ayniqsa, tabiat qo‘ynida ko‘proq foydalanish zarur. Tirnoqlar tozaligi ham juda muhim, chunki ularning ostida ko‘plab mikroblar to‘planishi mumkin.
Mahsulotlarni qanday saqlash kerak?
Yozda sut mahsulotlari, go‘sht, tuxum, tayyor salatlar va mayonezli souslar ayniqsa xavflidir. Mutaxassis bozordan muzlatgichsiz sotiladigan go‘sht va sut mahsulotlarini umuman sotib olmaslikni tavsiya qiladi. Bu joylarda muzlatgich yo‘qligi va hasharotlarning ko‘payishi mahsulotlarning sifatiga salbiy ta’sir qiladi.
Shuningdek, oziq-ovqatlardagi kichik o‘zgarishlarga ham diqqat qilish muhim. Hatto ozgina nordon ta’m yoki g‘alati hid ham infeksiya mavjudligini bildirishi mumkin.
Suv sifati va xavfsizligi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining eslatishiga ko‘ra, yozda enteroviruslar, salmonella va boshqa kasalliklarni yuqtirish xavfi ortadi. Ko‘p hollarda ular notoza suv va yuvilmagan meva-sabzavotlar orqali yuqadi. Ayniqsa, chet elda dam olish yoki sayohat paytida qadoqlangan yoki filtrlangan suvni ichish tavsiya qilinadi.
Bolalar xavfsizligi
Feldsherning aytishicha, bolalarda infeksiyalar ko‘pincha og‘ir kechadi va suvsizlanishga olib keladi. Shu sababli ular o‘ynaydigan barcha o‘yinchoq va buyumlarni muntazam ravishda dezinfeksiya qilish kerak. Bolalar yerdan yoki qumdan tushgan oziq-ovqatlarni iste’mol qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik juda muhim.
Aptechkada bo‘lishi kerak bo‘lgan zarur vositalar
Mutaxassis ta’kidlaganidek, yozda sayohatga chiqishdan oldin qo‘yidagi vositalardan iborat aptechkani yig‘ib qo‘yish tavsiya qilinadi:
- Antiseptik vositalar;
- Enterosorbentlar (faollashtirilgan ko‘mir);
- Haroratni tushiruvchi dorilar;
- Diareyaga qarshi vositalar;
- Shaxsiy idishlar va nam salfetkalar;
- Qadoqlangan suv — kamida bir kunlik zaxira.
Qanday belgilar shifokorga murojaat qilishni talab etadi?
Agar siz yoki farzandingizda qusish, isitma, ich ketishi, og‘iz qurishi va axlatda qon kabi belgilar kuzatilsa, darhol professional tibbiy yordam olish lozim. Bu holatlar jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.
Ichak infeksiyalarining oldini olishning asosiy qoidalari
- Ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘llarni yaxshilab yuvish;
- Meva-sabzavotlarni oqar suvda yuvish;
- Go‘sht, tuxum, baliq mahsulotlariga puxta ishlov berish;
- Qaynatilgan yoki qadoqlangan suvni iste’mol qilish;
- Hasharotlarga qarshi repellentlardan foydalanish;
- Sanitariya-epidemiologiya ruxsat bergan joylardagina cho‘milish.
Shu oddiy, biroq muhim qoidalarga amal qilish bilan yoz faslida sog‘ligingizni asrab qolishingiz mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar