date

Parvozda ichimlik ichib uxlash yurakka salbiy ta’sir qiladimi?

Parvozda ichimlik ichib uxlash yurakka salbiy ta’sir qiladimi?

Samolyotda spirtli ichimlik iste’moli va uxlashning salomatlikka jiddiy ta’sirini ko‘rsatuvchi yangi ilmiy xulosalar e’lon qilindi. Germaniyalik olimlar olib borgan tadqiqotga ko‘ra, past havo bosimi va alkogol kombinatsiyasi uxlab yotgan yo‘lovchilarning yurak faoliyatiga zo‘riqish keltirib chiqaradi.

Olimlarning aytishicha, parvoz paytida kuzatiladigan past havo bosimida ichimlik qabul qilgan odam uxlab qolsa, qondagi kislorod miqdori kamayib, yurak urishi tezlashadi. Bu hatto yosh va sog‘lom insonlarda ham aniq kuzatilgan.

“Bunday ta’sir darajasi kutilmagan darajada yuqori ekan. Iltimos, parvoz paytida alkogoldan voz keching”, – deydi tadqiqot mualliflaridan biri doktor Eva-Mariya Elmenxorst.

«Thorah» jurnalida e’lon qilingan maqolada, yurak xastaliklariga ega yo‘lovchilarda past bosim va alkogol ta’siri bilan simptomlar og‘irlashishi mumkinligi ta’kidlanadi. Bortda keng tarqalgan ichkilik iste’moli ham bu xavfni kuchaytiradi.

Aerokosmik tibbiyot bo‘yicha Germaniya instituti mutaxassislari ham buni tasdiqlaydi: “Samolyotda alkogolli ichimliklar iste’moli sog‘lig‘ida muammosi borlar uchun xavfli. Bunday vaziyatning oldini olish oson – parvozda ichimlikdan tiyilish kerak”.

Tadqiqot davomida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 48 nafar ishtirokchi ikki kecha davomida ikkita sharoitda – uyqu laboratoriyasi va balandlik kamerasida kuzatib borildi. Ular uxlashdan oldin spirtli ichimlik iste’mol qilishdi. Ularning yurak urishi va qondagi kislorod darajasi doimiy nazorat qilindi.

Doktor Elmenxorst ta’kidlashicha, sog‘lom odamlar alkogol va parvoz kombinatsiyasidan kuchli zarar ko‘rmasligi mumkin, ammo oldindan mavjud xastaliklar bu vaziyatda yanada og‘irlashadi.

“Uyqu paytida kislorod darajasi juda pasayib ketdi. Shuning uchun, hatto to‘liq sog‘lom insonlar ham samolyotda spirtli ichimliklardan voz kechishlari kerak”, – deydi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Parvozda ichimlik ichib uxlash yurakka salbiy ta’sir qiladimi?