Zamonaviy tibbiyotda uyquning ahamiyati yana bir bor katta ilmiy tahlil markaziga aylandi. Kanadaning Sunnybrook tibbiyot markazi olimlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot, “Brain” jurnalida e’lon qilindi va o‘zida keksalar orasidagi uyqu va miya salomatligi o‘rtasidagi mustahkam bog‘liqlikni ko‘rsatdi. Eksperimentda nevrolog Endryu Lim rahbarligida 600 nafardan ortiq yoshi katta odam bir necha yil davomida maxsus qurilma yordamida uyqusi kuzatildi.
Tadqiqot ishtirokchilari boshlariga aqlli soatga o‘xshash uskunani taqib, uxlash jarayonidagi barcha fiziologik o‘zgarishlar qayd etildi. Bundan tashqari, ular vafotidan so‘ng o‘z miyalarini ilmga beg‘araz topshirishga rozilik berishdi, bu esa olimlarga to‘qimalarni chuqur o‘rganish imkoniyatini yaratdi.
Qiziqarli xulosa shundaki, tunda tinimsiz uyg‘onish, chuqur uxlay olmaslik va bedorlik kabi uyqu muammolariga ega insonlarda miya qon tomirlarini o‘rab turuvchi peritsitlar soni ancha kamayib ketadi. Aynan ushbu hujayralar miyaga ozuqa, kislorod va boshqa zarur moddalar yetib borishini ta’minlaydi, qon aylanishiga kafolat beradi. Peritsitlar kamaysa, miyada qon oqimi sustlashadi va natijada xotira, diqqat, tafakkur kabi funksiyalar susayadi.
Bundan avval, olimlar uyqusizlik demensiya yoki alsgeymer kasalligi oqibati, deb o‘ylashgan edi. Ammo bu ilmiy ishlar uyquning o‘zidagi buzilishlar — ayniqsa, doimiy bedorlik, uyqudan tez-tez uyg‘onish va uyquning chuqur bo‘lmasligi — demensiyaning sabablaridan biri ekanini ko‘rsatdi.
Tadqiqotchilar uyqu sifatini yaxshilashga alohida e’tibor berishni tavsiya qilmoqda. Chunki to‘g‘ri va to‘laqonli uyqu faqat tanani tiklamaydi, balki miya salomatligini saqlashga yordam beradi va demensiyadan himoya qiladi.
Olimlar shunday xulosaga kelishdi: “Inson uxlaganida uning miyasi tiklanadi. Agar bu jarayonda muammo paydo bo‘lsa, asta-sekin butun faoliyat izdan chiqadi.”
Mazkur natijalar, yoshi katta avlod uchun ham, yoshlar uchun ham uyquning haqiqiy qadrini bilishga chaqiruvdir. Kundalik hayotda uyqu rejimini yaxshilash, tiniq va to‘liq uxlashga intilish har qanday katta muammolarning oldini olishi mumkin. Miyaga e’tibor — hayotga e’tibor.
Uyqu buzilishi: miya uchun xavfli signal va demensiya xavfi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar