Peopletalk yozishicha, olimlar o‘tkazgan tajribada 200 kishi qatnashdi. Har bir ishtirokchi kunning turli paytlarida qahva ichishga majbur bo‘ldi va natijada qiziqarli xulosalar olindi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ertalab qahva ichgan odamlarning yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etish ehtimoli ham, umuman o‘lim xavfi ham past bo‘ladi. Bundan tashqari, uyg‘ongandan keyingi dastlabki 2,5 soat ichida kofeinli ichimlik ichganlarning kayfiyati ancha ko‘tarilgan.
Kun davomida qahva ichish esa sog‘liq jihatidan sezilarli foyda bermagan. Aksincha, peshindan keyin yoki kechqurun ichilgan qahva sirkadiyalik ritmni buzib, uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ma’lumki, sirkadiyalik ritm — bu tananing ichki soati bo‘lib, uyqu va uyg‘oqlik davrini, shuningdek, bir qator asosiy fiziologik jarayonlarni boshqaradi. Tushdan keyin qahva ichish melatonin kabi gormonlar darajasini izdan chiqarishi ham mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qahvaning yallig‘lanishga qarshi samarasi aynan ertalab yanada kuchli bo‘ladi. Chunki qondagi yallig‘lanish belgilarining eng yuqori darajasi odatda tonggi soatlarda kuzatiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!