date

Olimlar alkogol jigarni qanday vayron qilishi sirini ochdi

Olimlar alkogol jigarni qanday vayron qilishi sirini ochdi

Spirtli ichimliklar inson salomatligiga eng ko‘p zarar yetkazadigan omillardan biri hisoblanadi. Uning ta’siri eng avvalo jigarga qaratilgan, chunki jigar organizmda alkogolni qayta ishlashga mas’ul asosiy organ sifatida taniladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2000–2021-yillar oralig‘ida butun dunyoda alkogolga bog‘liq jigar kasalliklari sababli sodir bo‘lgan o‘lim holatlari 32,6 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, jigar saratoni holatlari qariyb ikki barobarga — 94 foizga ortgan. Shunga qaramay, uzoq vaqt davomida olimlar spirt ta’sirida organizmda yuzaga keladigan kasalliklarning asl mexanizmini to‘liq ochib bera olmagan va ularni samarali davolash yo‘llarini topish ham qiyin bo‘lgan.

Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari esa masalaga yangicha yondoshib, spirtli ichimliklarni uzoq vaqt iste’mol qiluvchi bemorlarning ichak faoliyatini o‘rganishdi. Ular aniqlashicha, ichakda M4 deb nomlangan maxsus retseptor mavjud. Bu retseptor “chegara posti” vazifasini bajaradi: bakteriyalarni tekshirib, faqat zararsiz qismlarini immun tizimiga uzatadi. Ya’ni, bunday jarayonda mikroblar xuddi “hujjat nazorati”dan o‘tadi.

Biroq alkogol qabul qilinganda ushbu retseptorning faoliyati izdan chiqadi. Natijada ichakdagi nazorat tizimi yo‘qolib, bakteriyalar to‘siqsiz chiqib ketadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri jigarga yo‘naladi. Bu esa organda kuchli yallig‘lanish jarayoniga sabab bo‘ladi. Oddiy qilib aytganda, spirtli ichimliklar zararli bakteriyalar uchun jigarga keng yo‘l ochib beradi.

Olimlarning bu xulosasi faqat bemorlar misolida emas, balki laboratoriya tajribalarida ham tasdiqlandi. Uzoq muddat davomida spirtli ichimlik berilgan sichqonlarda ham M4 retseptorining ish faoliyati pasayib, ichakdagi “chegara nazorati” butunlay ishdan chiqqan. Zararli mikroblar jigarda to‘planib, yallig‘lanishni kuchaytirgan, shuningdek jigar hujayralarida yog‘ yig‘ilishi — steatoz paydo bo‘lgan. Mutaxassislar bu holatlarni alkogolga bog‘liq jigar kasalliklarining asosiy belgilari sifatida qayd etishdi.

Eng qizig‘i, olimlar tajriba jarayonida ishdan chiqqan M4 retseptorini qayta faollashtirish imkoniyatini ham kashf qilishdi. Ular organizmdagi boshqa signal tizimidan foydalanib, retseptorni qayta “ishga tushirish”ga muvaffaq bo‘lishdi. Buning natijasida:

– Ichakdagi nazorat tizimi yana ishlay boshladi, bakteriyalar endilikda bemalol o‘tolmay qo‘ydi;

– “Hujjat tekshiruvi” qayta tiklandi va zararli mikroblar jigarga kirishdan to‘sildi;

– Jigar bakteriyalar hujumidan himoyalandi, yallig‘lanish pasaydi va tiklanish jarayoni tezlashdi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yaqin kelajakda M4 retseptorini xavfsiz va samarali yo‘l bilan ishga tushirish usuli jigar kasalliklarini davolashda katta ilmiy va tibbiy yutuqka aylanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Olimlar alkogol jigarni qanday vayron qilishi sirini ochdi