Rossiyada KGM Torres va KGM Rexton narxlari sezilarli darajada arzonlashdi

Rossiya avtomobil bozorida Koreyaning KGM brendiga tegishli ikkita mashhur model — KGM Torres krossoveri va KGM Rexton yo‘ltanlamasining narxlari pasaytirildi. Ishlab chiqaruvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegirmalar miqdorini 200-300 ming rublga oshirdi, bu esa xaridorlar uchun xaridni yanada qulayroq qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
KGM Torres modeli uchun chegirmalar komplektatsiya va ishlab chiqarilgan yiliga qarab 450 mingdan 950 ming rublgacha yetadi. 2024-yilda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng katta imtiyozlarga ega bo‘ldi. Endilikda ushbu modelning narxi 3,66 million rubldan boshlanadi.
KGM Rexton yo‘ltanlamasi uchun ham chegirmalar hajmi 300 mingdan 700 ming rublgacha oshirildi. Ushbu taklif yetti o‘rinli yangi versiyani ham o‘z ichiga olgan barcha komplektatsiyalar uchun amal qiladi. Endilikda Rexton modelini 5,19 million rubldan boshlanadigan narxlarda xarid qilish mumkin.
Texnik jihatdan avtomobillar o‘zgarishsiz qoldi. KGM Torres 163 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbomotor va olti bosqichli Aisin avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. KGM Rexton esa 225 ot kuchiga ega 2,0 litrli dvigatel, Aisin transmissiyasi va pasaytiruvchi pog‘onaga ega to‘liq uzatmali (Part-time) tizim bilan ta’minlangan.
Kompaniya Rossiya bozoridagi o‘z avtomobillari uchun 5 yil yoki 100 ming kilometr masofagacha bo‘lgan rasmiy kafolatni taqdim etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!