Volga K50 krossoveri Moskvada suratga olindi

Rossiyada qayta tiklanayotgan Volga brendi ostidagi yangi Volga K50 krossoverining prototipi Moskva ko‘chalarida paydo bo‘ldi. Avtomobilning «jonli» suratlari «Avtopotok» Telegram-kanali tomonidan e’lon qilindi. Garchi brend savdolari hali rasman boshlanmagan bo‘lsa-da, ushbu model ishlab chiqaruvchi bilan bog‘liq shaxslar tomonidan sinovdan o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Texnik jihatdan Volga K50 o‘zining donor modeli hisoblangan Geely Monjaro bilan deyarli bir xil bo‘ladi. Krossover 238 ot kuchiga ega 2,0 litrli dvigatel, 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi hamda to‘liq uzatmali tizim bilan jihozlanadi. Avtomobilning uzunligi 4770 mm, g‘ildirak bazasi esa 2845 mm ni tashkil etadi.
Garchi salonning suratlari oshkor etilmagan bo‘lsa-da, interyerda ham Geely Monjaro’dan farqli o‘zgarishlar kutilmayapti. Xususan, old panelda uchta yirik ekran o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Eslatib o‘tamiz, Volga K50 krossoverining savdosi joriy yilning yoz oylarida boshlanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, yaqinda Geely Preface modelining kloni hisoblangan Volga C50 sedanining ham prototipi suratga olingan edi. Volga brendi ostidagi ushbu yangi modellar Rossiya bozorida xitoylik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda taqdim etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!