Berlindagi dahshat: jabrlanuvchilar hatto zo‘rlanganini bilmagan

Germaniyaning Berlin shahri prokuraturasi 68 yoshli erkakka nisbatan zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan rasmiy ayblov e’lon qildi. Tagesschau nashrining xabar berishicha, gumonlanuvchi uzoq vaqt davomida onlayn tanishuv ilovalari orqali ayollar bilan tanishib, ularga nisbatan og‘ir jinoyatlarni sodir etib kelgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, elektrik bo‘lib ishlagan erkak internet orqali ayollar bilan tanishgan. Uchrashuvlar davomida u jabrlanuvchilarga spirtli ichimliklar va uyqu keltiruvchi dorilar berib, ularni behush holatga keltirgan. Shundan keyin esa ayollarni zo‘rlab, sodir etgan jinoyatlarini videotasvirga olgan.
Eng dahshatli jihati shundaki, jabrlanuvchi ayollar o‘zlariga nisbatan jinoyat sodir etilganini umuman bilmagan. Ular voqealardan faqat tergov harakatlari davomida xabardor bo‘lgan.
Hozirga qadar 68 yoshli erkak 14 nafar ayolni zo‘rlaganlikda ayblanmoqda. Biroq prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, uning qurbonlari soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Tergovchilar jami 58 nafar ayol jabrlangan bo‘lishi ehtimolini istisno qilmayapti. Ayni paytda ulardan 30 nafarining shaxsi aniqlangan bo‘lsa, qolgan ehtimoliy jabrlanuvchilarni aniqlash ishlari davom etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Berlin politsiyasi mazkur erkakka 2025 yilda xuddi shunday jinsiy jinoyatlarda gumon qilingan boshqa shaxs bo‘yicha tergov jarayonida chiqqan. Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralari uning uyida tintuv o‘tkazib, turli elektron ma’lumot tashuvchi vositalarni musodara qilgan.
2026 yil fevral oyida ushbu qurilmalar o‘rganilganda, ularda jinsiy jinoyatlarga oid videotasvirlar aniqlangan. Bu dalillar asosida tergov yanada kengaytirilgan va 2026 yil mart oyida gumonlanuvchi hibsga olingan. Hozirda ish bo‘yicha qo‘shimcha holatlar hamda ehtimoliy boshqa jabrlanuvchilarni aniqlash ishlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…