Ekvadordagi noyob sindrom olimlarni saraton siriga yaqinlashtirmoqda

Ekvadorning janubidagi And tog‘lari bag‘rida joylashgan Pinyas shahri olimlar diqqatini tortgan noyob hodisa bilan mashhur. Atigi 8 ming aholi yashaydigan ushbu hududda Laron sindromiga chalingan insonlar soni dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Olimlar esa aynan shu kam uchraydigan irsiy holat kelajakda saratonning oldini olishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Laron sindromi inson organizmining o‘sish gormoniga javob qaytarish qobiliyatini yo‘qotadi. Shu sababli bemorlarning bo‘yi odatda 1,2 metrdan oshmaydi. Biroq tadqiqotlar ushbu sindromga ega insonlarda saraton va qandli diabet boshqalarga nisbatan ancha kam uchrashini ko‘rsatgan.
Pinyaslik egizak opa-singillar Mariya Luisa Romero va Mariya del Sisne ham ushbu sindrom bilan tug‘ilgan. Ularning aytishicha, hayot davomida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishgan, ammo doimo bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan.
«Biz har doim kuchimizni birlashtiramiz va bir-birimizni himoya qilamiz», — deydi Mariya Luisa.
Laron sindromini 40 yildan ortiq vaqtdan beri o‘rganib kelayotgan endokrinolog doktor Xayme Gevara olimlarning asosiy maqsadi ushbu sindromdagi himoya mexanizmlarini dori yoki parhez orqali sog‘lom insonlarda ham takrorlash ekanini aytdi.
Bu kasallik ilk bor 60 yil avval isroillik pediatr Zvi Laron tomonidan aniqlangan. Bugungi kunga kelib butun dunyoda 840 nafar bemor rasman qayd etilgan bo‘lib, ularning katta qismi Ekvadorning El-Oro va Loxa hududlarida yashaydi.
Doktor Gevara va amerikalik olim Valter Longo 100 nafar Laron sindromiga ega bemor hamda 1600 nafar sog‘lom qarindoshlarini 22 yil davomida kuzatdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Laron sindromiga ega ishtirokchilar orasida birorta ham diabet holati qayd etilmagan, faqat bitta yengil kechgan saraton holati aniqlangan. Shu bilan birga, nazorat guruhidagi odamlarning 5 foizida diabet, 17 foizida esa saraton tashxisi qo‘yilgan.
Olimlar bu holatni organizmda IGF-1 deb ataluvchi o‘sish omili juda past bo‘lishi bilan izohlamoqda. Ularning fikricha, aynan shu omil saraton hujayralarining yashab qolishiga ta’sir qilishi mumkin. Ammo mutaxassislar bu nazariyani to‘liq tasdiqlash uchun yana qo‘shimcha tadqiqotlar zarurligini ta’kidlamoqda.
Biroq Laron sindromi insonni mutlaqo kasalliklardan himoya qilmaydi. Buni egizaklardan biri — Mariya del Sisnega ikki yil avval yo‘g‘on ichak saratoni tashxisi qo‘yilgani ham tasdiqladi. U jarrohlik va kimyoterapiyadan so‘ng sog‘aygan.
«Shunda biz bu kasalliklardan to‘liq himoyalanmaganimizni angladik. Endi sog‘lig‘imizga e’tibor berishimiz, sport bilan shug‘ullanishimiz va to‘g‘ri ovqatlanishimiz kerakligini tushundik», — deydi u.
Laron sindromini davolash uchun Increlex preparati mavjud. Agar u bolalikda qabul qilinsa, bo‘y o‘sishiga yordam berishi mumkin. Biroq dori juda qimmat — bir shishasi 800 dollardan ziyod turadi, bolaga esa har oy kamida uch shisha kerak bo‘ladi.
Bugun 40 yoshga to‘lgan Mariya Luisa va Mariya del Sisne bu imkoniyatdan foydalana olmagan. Shunga qaramay, ular o‘z hayotini qabul qilgan.
«Men o‘zimni qanday bo‘lsam, shundayligimcha qabul qildim va Allohga meni shunday yaratgani uchun shukr qilaman», — deydi Mariya Luisa.
Agar olimlarning izlanishlari kutilgan natijani bersa, Ekvadorning kichik Pinyas shahrida yashovchi Laron sindromiga ega insonlar insoniyatni saratonga qarshi yangi davolash usullari sari yetaklashi mumkin.






























Izohlar 0
…