Aka-uka Teytlar AQSHda yana hibsga olindi

Aka-uka Teytlar AQSHda yana hibsga olindi

Kecha, 18 iyul kuni taniqli bloger va inflyuyenserlar Endryu hamda Tristan Teyt AQSHda zo‘rlash, odam savdosi va jinsiy jinoyatlar bilan bog‘liq ayblovlar asosida hibsga olindi. Bu haqda Buyuk Britaniya Qirollik prokuraturasi ma’lum qildi.

Prokuratura bayonotiga ko‘ra, Endryu Teytga nisbatan 32 ta yangi ayblov ilgari surilgan. Ular orasida yetti band bo‘yicha zo‘rlash, jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosini tashkil etish yoki unga ko‘maklashish, badanga shikast yetkazish, shuningdek, bolalar ishtirokidagi nomaqbul tasvirlar va ekstremal pornografiyaga oid bir qator ayblovlar mavjud.

Tristan Teyt esa jinsiy zo‘ravonlik, ikki holat bo‘yicha zo‘rlash hamda jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosini tashkil etish yoki unga ko‘maklashishda ayblanmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur jinoyatlar 2010–2017 yillar oralig‘ida sodir etilgan. Bundan avval ham aka-uka Teytlarga nisbatan 21 ta ayblov e’lon qilingan edi.

The New York Post xabariga ko‘ra, AQSH Marshallar xizmati aka-uka Teytlarni Mayami shahridagi Jeyms L. Nayt sport majmuasi yaqinida qo‘lga olgan. Ma’lum bo‘lishicha, Endryu Teyt aynan shu yerda qo‘lqopsiz jang turnirini o‘tkazishi rejalashtirilgan edi.

Ma’lumot uchun, Endryu Teyt kikboksing bo‘yicha to‘rt karra jahon chempioni, uning ukasi Tristan Teyt esa ikki karra Yevropa chempioni hisoblanadi. Sportdagi faoliyatidan so‘ng ular ijtimoiy tarmoqlardagi keskin bayonotlari va bahsli faoliyati bilan mashhur bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda aka-uka Teytlarga nisbatan Ruminiyada ham odam savdosi va boshqa og‘ir jinoyatlar yuzasidan jinoiy ayblovlar qo‘yilgan edi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar