“Chechenka” taxallusi bilan tanilgan instabloger Gulzoda Abdullayeva turmush o‘rtog‘iga ikkinchi xotin sovg‘a qilgani aks etgan video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. 15 avgust kuni mazkur holat bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Oliy sud matbuot kotibi blogerga nisbatan chiqarilgan hukm matnini taqdim etdi. Ma’lum qilinishicha, “Chechenka” taxallusi bilan tanilgan bloger Gulzoda Abdullayeva 9 avgust kuni jamoat tartibini buzishga sabab bo‘luvchi ko‘p xotinlik g‘oyasini targ‘ib qilib, turmush o‘rtog‘ining tug‘ilgan kuni munosabati bilan unga ikkinchi xotin sifatida begona ayolni “sovg‘a” qilgan.
Sud majlisida bloger o‘z ko‘rsatuvida mazkur video hazil tariqasida bo‘lganini, hozirda qilmishidan pushaymonligini, bu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligini, 2 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi hamda hozirda homilador ekanini inobatga olib, unga yengillik berishni so‘ragan.
Sud hukmiga ko‘ra, Gulzoda Abdullayeva qaramog‘ida ikki nafar farzandi borligi hamda muqaddam bu toifadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilmagani inobatga olinib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-moddasiga asosan javobgarlikdan ozod etildi va ogohlantirish bilan kifoyalandi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring