date
views 5 424

2024 yil uchun Ramazon taqvimi — saharlik va iftorlik vaqtlari

2024 yil uchun Ramazon taqvimi — saharlik va iftorlik vaqtlari
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ma'lum qilishicha, Oʻzbekistonda Ramazon oyi 11 mart kuni boshlanadi.

“Turkiy davlatlar ulamolari fiqhiy qoidalarga tayangan holda falakiy hisob-kitob va astronomik kuzatuvlarni e'tiborga olib, hijriy 1445 yil Ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024 yil 11 mart, dushanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida yakdil fikrga keldilar”, — deyiladi xabarda.

Saharlik duosi — Navaytu an asuma sovma shahri ramazona minal fajri ilal magʻribi, xolisan lillahi ta'ala. Allohu akbar.
Ma'nosi: Ramazon oyining roʻzasini subhdan to kun botguncha tutmoqni niyat qildim. Xolis Alloh uchun Alloh buyukdir.

Iftorlik duosi — Allohumma laka sumtu va bika amantu va a'layka tavakkaltu va a'la rizqika aftartu, fagʻfirli ya gʻoffaru ma qoddamtu va ma axxortu.
Ma'nosi: Ey Alloh, ushbu Roʻzamni Sen uchun tutdim va Senga iymon keltirdim va Senga tavakkal qildim va bergan rizqing bilan iftor qildim. Ey mehribonlarning eng mehriboni, mening avvalgi va keyingi gunohlarimni magʻfirat qilgil.

Ramazon oyi musulmonlar uchun muqaddas oy hisoblanadi. Uning davomida barcha moʻminlar koʻproq tarovih va tilovat qilishlari, Qur'on xatm qilishi farz boʻladi.

Hadislarda aytilishiga koʻra, ushbu oyda gunohlar kechiriladi, hatto dushmanlarga ham rahm-shafqat koʻrsatiladi, gunohkorlar ham doʻzaxdan ozod qilinadi.

Musulmonlar uchun Ramazon oyi oʻzaro birdamlik, mehribonlik, bir-birining xato va kamchiliklarini kechiradigan oydir. Ramazonda musulmonlar koʻproq xayrli ishlar qilishi va bu yoʻlda birlashishi, bir-birini qoʻllashi uzoq yillardan beri yaxshi an'anaga aylangan. Bu oyda qariyalar ziyorat qilinadi, bemorlardan xabar olinadi, muhtojlarga yordam beriladi, musibatzada insonlardan koʻngil soʻraladi va etimlar ovutilib, yupatiladi.

Ramazon oyining oxirgi oʻn kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi bor. Hadislarga koʻra, agar siz bu muborak kechani toat va ibodatda oʻtkazsangiz, goʻyo siz bu toat-ibodatni sakson uch yildan koʻproq vaqt davomida tinmay bajarayotgandek boʻlasiz.

Ramazon oyida toʻgʻri ovqatlanishni tashkil etish muhim.

Sogʻlom ovqatlanish va oshqozon-ichak tizimi salomatligini saqlashga doir qator tavsiyalar:

Taomlanishni xurmodan boshlash. Xurmo roʻza paytida kun davomida energiya bilan ta'minlaydigan uglevodlarning manbai hisoblanadi. Xurmo mevasi tolalari ovqat hazm qilish traktini ishlashini tartibga soladi. Bundan tashqari, xurmo magniy va kaliyga boy.
Koʻp miqdorda suv ichish. Ayniqsa issiq havoda tanangizni suv bilan ta'minlash uchun etarli miqdorda suv ichish juda muhimdir. Kun davomida chanqamaslik uchun ogʻiz ochilgandan keyin va saharlikdan oldin etarlicha suv iching. Ovqatlanish uchun ruxsat berilganda 8 stakan suv ichishga harakat qiling.

Chanqatadigan ovqatlar va mahsulotlardan saqlanish. Tuzli ovqatlar, konservalar, tuzlangan bodringlar, baliqlardan saqlaning. Bundan tashqari, ziravorlarga boy ovqatlardan saqlaning, chunki ular sizda chanqoq hissini chaqiradi. Koʻproq meva va sabzavotlarni iste'mol qiling, ular organizmning suv zaxiralarini yangilaydi va toʻldiradi.

Sekin, shoshmasdan iftorlik qilish. Uzoq muddatli ochlikdan soʻng, tanaga katta miqdordagi oziq-ovqat tushishi – stressdir. Moʻ'tadil boʻlishga harakat qiling, iftorni xurmo, suv bilan boshlang, keyin shoʻrva, salat eyishingiz mumkin. Bir muncha vaqt oʻtgach, asosiy taomga oʻting. Ortiqcha ovqatlanish ovqat hazm qilishda muammolar va oshqozon ogʻrigʻiga sabab boʻlishi mumkin. Iftorni iliq shoʻrva bilan boshlash roʻza tutgandan keyin eng yaxshi ovqat boʻlib, organizmning ozuqaviy moddalarini toʻldiradi va tanani ogʻirroq ovqatlar uchun tayyorlaydi.

Taomingizda barcha kerakli nutrientlar mavjudligiga ishonch hosil qilish. Iftorda oqsillar, sabzavotlar, yormalar, mevalar va foydali yogʻlar kabi ovqatlar boʻlishi kerak.

Sogʻlom ovqatlarni tanlash. Ratsioningizda don, yormalar, tovuq goʻshti, yogʻsiz goʻsht, baliq, zaytun moyi va mevalar boʻlishi kerak. Qovurilgan, shoʻr va yogʻli ovqatlardan saqlaning. Goʻsht, dukkaklilar, tuxum va sut mahsulotlari oqsilga boy. Ushbu oziq-ovqat mahsulotlaridan kamida bittasini har kuni iste'mol qilishingiz kerak.

Shirinliklardan saqlanish. Iftordan keyingi shirinliklar qorinda gaz toʻplanishiga sabab boʻladi va ovqat hazm qilishni buzadi. Bundan tashqari, u qondagi glyukoza miqdorini oshiradi, bu esa shirinliklarga boʻlgan ehtiyojni yanada oshiradi. Shuning uchun iftorlikdan 2–3 soatdan keyin shirinliklarni iste'mol qilish tavsiya etiladi. Shirinliklarni foydaliroq mahsulotlarga: xurmo, quruq mevalar, shirin mevalar bilan almashtirish kerak.

Qahva (kofe) ichishdan tiyilish. Ramazon oyida bosh ogʻrigʻi va uyqusizlikka yoʻl qoʻymaslik uchun qahva ichishni kamaytirishga harakat qiling.

Iftorlik va saharlik orasida engil tamaddi qilib olish. Asosiy ovqatlanishni uch qismga boʻlish va iftorlik va saharlik orasida engil tamaddi qilib olish tavsiya qilinadi. Uchdan bir qismi murakkab uglevodlar, uchdan biri yogʻsiz goʻsht yoki baliq, qolganlari esa sabzavot boʻlishi kerak. Bu sogʻlom muvozanatli ovqatlanish boʻladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 2024 yil uchun Ramazon taqvimi — saharlik va iftorlik vaqtlari