Farg‘onada fuqaroni videoga olib, pul talab qilganlar qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyatida bir fuqaroni xilvat joyga olib borib, unga tan jarohati yetkazgan va sharmanda qilish bilan qo‘rqitgan guruh aniqlandi. Gumonlanuvchilar jabrlanuvchidan millionlab so‘m talab qilgan, ammo pulni olish paytida vaziyat keskin o‘zgargan.
Hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv boshlangan.
Fuqaroni karerga olib borishgan
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona shahrida yashovchi besh nafar yigit Quva tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni «Beshbola» mahallasi hududidagi karerga olib borgan.
U yerda jabrlanuvchiga tan jarohati yetkazilgan. Shuningdek, sir saqlanishi lozim bo‘lgan holat uyali telefon orqali videoga olingan.
Videoni tarqatish bilan qo‘rqitishgan
Guruh a’zolari tasvirlarni jabrlanuvchining yaqin qarindoshlariga yuborish va uni sharmanda qilish bilan tahdid qilgan.
Buning evaziga fuqarodan 8 million so‘m pul talab qilingan. Jabrlanuvchiga bosim o‘tkazish orqali mablag‘ni qismlarga bo‘lib olish rejalashtirilgani aytilmoqda.
Pulni olish paytida qo‘lga tushishdi
Gumonlanuvchilar talab qilingan pulning 2 million so‘mini olayotgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davomida holatga aloqador dalillar rasmiylashtirilgan. Guruhning har bir a’zosi harakatiga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Tergovga qadar tekshiruv boshlandi
Hozirda mazkur voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Tekshiruv yakuniga ko‘ra, gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi va tegishli protsessual qaror qabul qilinishi mumkin. Ularning aybi sud hukmi bilan tasdiqlanmagunga qadar aybsiz hisoblanadi.































Izohlar 0
…