7 nafar nevaralarga bosim o‘tkazgan ayolga qarshi chora ko‘rildi

Samarqand shahridagi oilalardan birida bolalar huquqlari bilan bog‘liq tashvishli holat aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, 61 yoshli ayol o‘z vasiyligida bo‘lgan yetti nafar nevarasiga nisbatan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib kelgan.
Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatdan so‘ng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Mazkur holat Bolalar ombudsmanining Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi.
Tekshiruvlar davomida ayol o‘z qaramog‘idagi voyaga yetmagan bolalarga nisbatan turli ko‘rinishdagi tazyiqlar qo‘llagani ma’lum bo‘ldi. Bolalarning xavfsizligini ta’minlash va ularni ehtimoliy zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rildi.
Bolalar ombudsmanining tashabbusi bilan Ichki ishlar organlariga murojaat qilinib, jabrlangan bolalarga himoya orderlari rasmiylashtirildi. Shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mutasaddilar mazkur holat yuzasidan qonuniy baholash ishlari davom etayotganini ma’lum qildi. Bolalarning sog‘lom muhitda tarbiyalanishi va xavfsizligini ta’minlash asosiy vazifa sifatida belgilangan.





























Izohlar 0
…