Keshbek ortidagi firibgarlik: 3,2 milliard so‘m talon-toroj qilindi

Keshbek ortidagi firibgarlik: 3,2 milliard so‘m talon-toroj qilindi

Farg‘ona viloyatida Soliq Mobile ilovasi orqali amalga oshirilgan yirik moliyaviy firibgarlik holati fosh etildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bir guruh shaxslar soxta savdo operatsiyalari orqali davlat budjeti mablag‘larini o‘zlashtirishga uringan.

Aniqlanishicha, fuqarolar M.X., M.X. va K.I. o‘zaro kelishgan holda Telegram tarmog‘ida bir nechta guruhlar tashkil etgan. Ular mazkur platformalar orqali turli korxonalar nomidan rasmiylashtirilgan xarid cheklari uchun keshbek huquqini boshqa shaxslarga onlayn tarzda sotib kelgan.

Tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, 7 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalda hech qanday savdo yoki xizmat ko‘rsatish ishlari bajarilmagan bo‘lsa-da, soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan. Hujjatlarda go‘yoki 3,3 trillion so‘mlik mahsulot va xizmatlar sotilgani ko‘rsatilgan.

Farg‘onada keshbek orqali 3,2 mlrd so‘mlik talon-toroj fosh etilgani infografikasi.

Shuningdek, soxta operatsiyalar asosida onlayn nazorat-kassa tizimlari orqali xarid cheklari shakllantirilib, ular 211 mingdan ortiq fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan. Natijada Soliq Mobile tizimi orqali umumiy hisobda 28,5 milliard so‘mlik keshbek shakllangan.

Ushbu mablag‘ning 3,2 milliard so‘mi davlat budjeti hisobidan to‘lab berilgani aniqlangan. Tergov organlari bu mablag‘lar o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinganini ma’lum qildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata qilish hamda hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar