Inspektor yoqasidan tortgan hokim o‘rinbosari jazolandi

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida ekologiya inspektoriga nisbatan kuch ishlatgan hokim o‘rinbosariga sud hukmi o‘qildi. Mansabdor o‘z vakolat doirasidan chiqib ketgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea tumandagi kollektor atrofida joylashgan daraxtlarni kesish ishlari davomida sodir bo‘lgan. Ekologiya inspektori hududda tegishli ruxsatnomalarsiz amalga oshirilayotgan ishlarga aralashib, qonuniy tartibda chora ko‘rishga uringan.
Biroq tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov inspektorning xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilgan. U inspektorning kurtkasi yoqasidan tortib, xizmat harakatlarini to‘xtatishga majburlagan va unga yengil tan jarohati yetkazgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, mazkur hududdagi 104 tup tol daraxti ham tegishli ruxsatsiz kesib tashlangan. Buning natijasida tabiatga 171 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, Saidali Xizirov Jinoyat kodeksining mansab vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi. U bir yil davomida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 61,8 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Ish doirasida daraxtlarni kesish ishlarini tashkil etgan mas’ul MCHJ rahbari ham javobgarlikka tortildi. Sud unga nisbatan 41,2 million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi.
Jabrlanuvchi tomon jazoni yengil deb hisoblab, yuqori instansiyaga murojaat qildi. Biroq Farg‘ona viloyati sudi apellyatsiya tartibida ishni ko‘rib chiqib, birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.





























Izohlar 0
…