Sergelidagi qahramon: kanalda oqib ketayotgan qizni temir yo‘l xodimi qutqarib qoldi

Toshkent shahrining Sergeli tumanida kanalda oqib ketayotgan qizni temir yo‘l xodimi qutqarib qoldi. Hodisa 9 iyun kuni Qorasuv kanali atrofida xizmat vazifasini bajarayotgan temir yo‘l sozlovchisi A’zam Ibrohimov tomonidan sodir etildi. U suv oqimida yordam so‘rab baqirayotgan qizni ko‘rib, ikkilanmay kanalga tushgan va uni xavfsiz joyga olib chiqqan.
Toshkent shahrining Sergeli tumanida insonparvarlik va jasorat namunasiga aylangan voqea sodir bo‘ldi. Kanalda oqim bilan ketib qolayotgan o‘smir qiz temir yo‘l xodimining tezkor harakati tufayli halokatdan qutqarib qolindi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 9 iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” tizimida mehnat qilib kelayotgan temir yo‘l sozlovchisi A’zam Ibrohimov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ro‘y bergan.

U Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali atrofida ish olib borayotgan paytda suv oqimida yordam so‘rab baqirayotgan ikki nafar qizni ko‘rib qolgan. Vaziyatning jiddiyligini anglagan xodim bir lahza ham ikkilanmay, kanalga tushgan va oqimda qolgan qizni xavfsiz joyga olib chiqqan.
Qahramonlikka teng bu harakat tufayli qizcha hayoti saqlab qolindi. Temir yo‘lchining fidoyiligi va jasorati jamoatchilik tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati ham xodimning bu ezgu ishini e’tirof etib, unga tashakkurnoma sovg‘asi va pul mukofoti topshirdi.
Bu voqea inson hayotini saqlab qolish uchun bir zumlik qaror qanchalik muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.






























Izohlar 0
…