Samarqand–Urgut temir yo‘lida kutilmagan hodisa yuz berdi

Samarqand viloyatida Zarafshon daryosi qirg‘oqni yuvib ketishi oqibatida temir yo‘lning bir qismi qulab tushdi. Hodisa Toyloq tumani Do‘stlik mahallasi hududidan o‘tgan temir yo‘l uchastkasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, daryo suvi temir yo‘lning tayanch qismini yuvib ketishi oqibatida uning bir qismi pastlikka qulab tushgan.
Voqea joyidan olingan foto va videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda. Mazkur tasvirlar guvohlar tomonidan tahririyatlarga ham yuborilgan. Ayni paytda hodisa yuzasidan mas’ul tashkilotlar tomonidan rasmiy ma’lumot hali e’lon qilinmagan.
Norasmiy manbalarga ko‘ra, zarar ko‘rgan uchastka "Samarqand – Urgut" yangi temir yo‘l liniyasiga tegishli. Mazkur yo‘nalish o‘tgan yilning noyabr oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, Samarqand shahri hamda Jomboy, Pastdarg‘om, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun zamonaviy va qulay transport qatnovini ta’minlash maqsadida barpo etilgan edi.
Hozircha hodisa oqibatida jabrlanganlar bor-yo‘qligi, shuningdek, temir yo‘l qatnoviga qay darajada ta’sir ko‘rsatgani haqida rasmiy axborot berilgani yo‘q. Vaziyat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar kutilmoqda.






























Izohlar 0
…