Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan shokoladlar orasiga yashirilgan narkotik chegarada fosh etildi

Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan xalqaro jo‘natma ichida giyohvandlik moddasi yashirilgani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Urganch shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan va muqaddam giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxs Rossiyadan kelgan posilkani qabul qilib olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Jo‘natma batafsil ko‘zdan kechirilganda, turli shirinliklar orasiga shokolad ko‘rinishida niqoblangan holda yashirilgan 538 gramm gashish moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Yana bir holat Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida qayd etildi. Tezkor tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi 45 yoshli fuqaro narkokuryerlar tomonidan mamlakatga noqonuniy olib kirilib, oldindan yashirib qoldirilgan 700 gramm gashishni qabul qilib olayotgan paytda ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda va mazkur jinoyatlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.






























Izohlar 0
…