To‘yiga yetti kun qolgan yigit geroin bilan ushlandi

Toshkent shahrining Bektemir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar yigit yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari bilan qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyat qidiruv xodimlari dastlab gumonlanuvchilar harakatlanayotgan avtomashinani tekshirgan. Ko‘zdan kechirish jarayonida “zakladka” usuli orqali tarqatish uchun maxsus qadoqlangan geroin moddasi aniqlangan.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchilarning yashash manzilida tintuv o‘tkazilgan. U yerdan ham turli xil giyohvandlik vositalari topilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Ichki ishlar organlari tarqatgan videoda qo‘lga olinganlardan biri qilmishidan pushaymon ekanini yashirmay, shunday deydi:
«To‘yimga atigi yetti kun qolgan edi. Har kim qilgan ishiga javob beradi. Bu yo‘lning oxiri qamoq ekan.»
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur holatda jami 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedronning noqonuniy muomalaga chiqarilishining oldi olingan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…