Avgustdan bolalar nafaqasi kimlarga to‘xtatilishi mumkin?

2026 yil avgustidan O‘zbekistonda ayrim oilalar bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamdan mahrum bo‘lishi mumkin. Ammo yangi talab barcha nafaqa oluvchilarga birdek tatbiq etilmaydi — asosiy o‘zgarish Ijtimoiy reyestrda «kambag‘al oila» toifasiga kiritilgan va mehnatga layoqatli a’zosi rasmiy band bo‘lmagan oilalarga taalluqli.
Fevral oyida to‘lov tayinlangan oilalar uchun berilgan olti oylik muddat iyul oxirida yakunlanadi. Shu sabab avgustda ularning bandlik holati elektron tizim orqali qayta tekshirilishi mumkin.
Nega aynan avgust hal qiluvchi oy bo‘ladi?
Prezidentning 2025 yil 26 dekabrdagi PF-258-sonli farmoni bilan 2026 yil 1 fevraldan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr joriy etildi.
Yangi tizimda oilalar uch toifaga ajratiladi:
«davlat ta’minotidagi oila»;
«kambag‘al oila»;
«kambag‘allik chegarasidagi oila».
«Kambag‘al oila» toifasidagilarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam dastlab olti oy davomida to‘lanadi. Shu vaqt ichida oilaning mehnatga layoqatli a’zolari rasmiy bandligini ta’minlashi kerak. Bandlik talabi bajarilsa, to‘lov qo‘shimcha arizasiz davom ettiriladi.
Fevralda nafaqa tayinlangan oilalar uchun olti oylik hisob fevral–iyul davrini qamrab oladi. Talab bajarilmagan bo‘lsa, to‘lov keyingi oydan to‘xtatilishi mumkin.
Qaysi holatlarda nafaqa to‘xtatiladi?
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 yanvardagi 35-sonli qaroriga ko‘ra, «kambag‘al oila» toifasidagi oilaning rasmiy band bo‘lmagan mehnatga layoqatli a’zosi olti oy ichida quyidagi shartlardan birini bajarmasa, nafaqa yoki moddiy yordam to‘xtatiladi:
rasmiy ishga joylashmasa;
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat boshlamasa;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmasa;
bandlik organi taklif qilgan maqbul ishni ikki yoki undan ortiq marta rad etsa.
Bunday holat aniqlangan oydan keyingi oydan to‘lov bekor qilinadi.
Faqat ro‘yxatdan o‘tishning o‘zi yetarlimi?
Yangi tartibda rasmiy bandlik faqat qog‘ozdagi qayd bilan emas, elektron tizimlardagi ma’lumotlar orqali ham tekshiriladi.
Jumladan:
mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma «Yagona milliy mehnat tizimi»da qayd etilgan bo‘lishi;
yakka tartibdagi tadbirkor aylanmadan olinadigan soliqni muntazam to‘lashi;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxs mehnat staji hisoblanishi uchun belgilangan to‘liq ijtimoiy soliqni to‘lashi lozim.
Yakka tartibdagi tadbirkor uch oy davomida tegishli soliqni to‘lamasa, rasmiy band deb hisoblanmasligi mumkin. Shuningdek, oxirgi uch oydagi mehnat daromadi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan past bo‘lgan shaxs ham tizimda rasmiy band sifatida qabul qilinmasligi belgilangan.
Talab kimlarga tatbiq etilmaydi?
Rasmiy ish bilan ta’minlanish talabi har bir mehnatga layoqatli ko‘ringan oila a’zosiga avtomatik ravishda qo‘llanmaydi. Qonunchilikda bir qator istisnolar mavjud.
Jumladan, talab quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
uch yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilayotgan ona yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs;
kunduzgi ta’limda o‘qiyotganlar;
pensionerlar va ayrim nafaqa oluvchilar;
I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
nogironligi bo‘lgan bolani, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni yoki parvarishga muhtoj 80 yoshdan oshgan keksani parvarish qilayotganlar;
chaqiruv asosida harbiy xizmatni o‘tayotganlar;
bandlik organida ish qidiruvchi yoki ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatga olinganlar;
kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirishga yuborilgan shaxslar;
qonunchilikda belgilangan ayrim yolg‘iz ota yoki onalar.
Shuning uchun oilada ishlamaydigan a’zo borligining o‘zi nafaqa darhol to‘xtatilishini anglatmaydi. Avvalo, ushbu shaxs istisno toifalaridan biriga kirish-kirmasligi tekshiriladi.
«Davlat ta’minotidagi oilalar» ham nafaqadan mahrum bo‘ladimi?
Yo‘q, mazkur bandlik talabi asosan Ijtimoiy reyestrning «kambag‘al oila» toifasiga kiritilgan oilalarga taalluqli.
«Davlat ta’minotidagi oila» toifasidagi fuqarolarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam oila a’zolarining bandlik holatidan qat’i nazar, ushbu toifada turgan davrida to‘lab boriladi.
«Kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga kiritilganlarga esa to‘lov olti oyga tayinlanadi. Bu toifadagi oilalarga beriladigan summa daromad darajasiga qarab qisqartiriladi.
Nafaqa miqdori qanday hisoblanadi?
Agar oila «davlat ta’minotidagi» yoki «kambag‘al oila» toifasidan «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga o‘tkazilsa, to‘lov miqdori har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadga qarab belgilanadi:
daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,25 baravarigacha bo‘lsa — belgilangan nafaqaning 75 foizi;
daromad 1,25 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lsa — belgilangan nafaqaning 50 foizi to‘lanadi.
Bu holatda qo‘shimcha ariza berish talab qilinmaydi — to‘lov miqdori axborot tizimida avtomatik qayta hisoblanadi.
To‘lovni saqlab qolish uchun nima qilish kerak?
Nafaqa olayotgan oila, avvalo, Ijtimoiy reyestrda qaysi toifaga kiritilganini va mehnatga layoqatli a’zolarning bandlik holati tizimda to‘g‘ri aks etganini tekshirishi kerak.
Rasmiy ishi bo‘lmagan shaxs:
tuman yoki shahar bandlik bo‘limida ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi;
taklif etilgan maqbul ishlarni sababsiz rad etmasligi;
ishga joylashishi;
tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatini qonuniy rasmiylashtirishi mumkin.
Nafaqa tayinlash yoki to‘xtatish haqidagi qaror elektron tizimda avtomatik qabul qilinib, ariza beruvchiga SMS orqali xabar yuboriladi. Masalaga aniqlik kiritish uchun «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga, Davlat xizmatlari markaziga yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligining 1140 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkin.
Yangi tartibning asosiy maqsadi ijtimoiy yordamni haqiqatan ham muhtoj oilalarga manzilli yetkazish va mehnatga layoqatli fuqarolarning rasmiy bandligini rag‘batlantirishdan iborat. Biroq nafaqa to‘xtatilishidan oldin har bir oilaning toifasi, bandlik holati va qonunchilikdagi istisnolar alohida hisobga olinishi shart.
Sizningcha, nafaqani rasmiy bandlikka bog‘lash oilalarni ishlashga rag‘batlantiradimi yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘diradimi?































Izohlar 0
…