«Enola Xolms 3» nega avvalgi qismlardek taassurot qoldirmadi?

Netflix'ning mashhur detektiv franshizalaridan biri hisoblangan «Enola Holmes» yangi qismi bilan yana ekranlarga qaytdi. Bosh rolda yana Milli Bobbi Braun ishtirok etgan bo‘lsa, film ustida «Adolescence» ijodiy jamoasi ham ishlagan. Biroq tanqidchilar fikricha, uchinchi qism avvalgi filmlardagi joziba va yangilikni to‘liq saqlab qola olmagan.
Netflix yildan yilga yirik platformalardan biriga aylanib borayotgan bo‘lsa-da, u haligacha uzoq yillar davom etadigan muvaffaqiyatli original kinofranshizalar yaratishda qiynalib kelmoqda. Platformada realiti-shoular, jinoyatga oid hujjatli loyihalar, Xarlan Koben asarlari asosidagi trillerlar va romantik komediyalar katta auditoriya to‘playotgan bo‘lsa ham, Gollivud studiyalari kabi kuchli franshizalar yaratish oson kechmayapti.
Buning asosiy sababi, tanqidchilarga ko‘ra, katta budjetli filmni haqiqiy madaniy hodisaga aylantirish uchun oddiy onlayn tomosha yetarli emas. Ilgarigi Red Notice, The Grey Man yoki qimmatbaho The Electric State kabi filmlar katta ko‘rishlar soniga erishgan bo‘lsa-da, ular atrofida uzoq muddatli qiziqish shakllanmagan. Shu jihatdan Enola Holmes franshizasi Netflix uchun muvaffaqiyatli loyihalardan biri sanaladi.

Eslatib o‘tish joiz, birinchi film dastlab Warner Bros. tomonidan kinoteatrlar uchun tayyorlangan, ammo pandemiya davrida Netflix'ga sotilgan. Ikkinchi qism ham katta muvaffaqiyat qozongach, uchinchi filmning suratga olinishi tabiiy qarorga aylangan.
Yangi qismda ham filmning asosiy kuchli tomonlari — yengil hazil, qiziqarli detektiv voqealar va tarixiy mavzular saqlangan. Biroq bu safar ular avvalgidek ta’sirchan emas. Tanqidchilarning fikricha, ssenariy ma’lum darajada takrorlana boshlagan va franshizada yangi g‘oyalar kamaygani seziladi.
Ssenariy muallifi Jek Torn bu safar ham muhim ijtimoiy mavzularni hikoyaga ehtiyotkorlik bilan singdirishga harakat qilgan. Enola mustaqil va jasur qiz bo‘lishiga qaramay, turmush qurish qarorini qabul qilishi, ayollarning jamiyatdagi o‘rni hamda Britaniya mustamlakachiligiga oid mavzular filmda ko‘tariladi. Ammo bu g‘oyalar voqealar rivojiga avvalgi qismlardagidek tabiiy uyg‘unlasha olmagan.
Syujetga ko‘ra, Enola (Milli Bobbi Braun) sevgan yigiti Tyuksberi (Luis Partrij) bilan to‘y qilish arafasida bo‘ladi. Marosim Malta orolida o‘tayotgan vaqtda uning akasi Sherlok Xolms (Genri Kavill) o‘g‘irlab ketilgani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng Enola yana navbatdagi xavfli tergovga kirishadi.

Filmda Helena Bonem Karter Enolaning onasi rolida, Sheron Dankan-Bryuster esa Moriarti obrazida yana namoyon bo‘ladi. Asosiy yuk esa yana Milli Bobbi Braun zimmasiga tushgan. Biroq ayrim tanqidchilar aktrisaning o‘yini avvalgi filmlardagi tabiiylik va yengillikni to‘liq namoyon eta olmaganini ta’kidlamoqda.
Filmning yana bir ijobiy tomoni — uning davomiyligi. Avvalgi ikki qism ikki soatdan oshib ketgan bo‘lsa, bu safar kartina qariyb 100 daqiqa davom etadi. Shunga qaramay, mutaxassislar bu qisqarish yangi g‘oyalar yetishmasligi hissini ham uyg‘otishini qayd etmoqda.
Umuman olganda, «Enola Holmes 3» yomon film emas, ammo avvalgi qismlar darajasidagi qiziqish va yangilikni taqdim eta olmagan. Tanqidchilarning fikricha, agar franshiza davom ettirilsa, keyingi qismda yanada kuchli syujet va kattaroq tavakkalchilikka ehtiyoj seziladi.






























Izohlar 0
…