Amir Xon nega Juhi Chavla bilan 7 yil gaplashmagan?

Bollivudning mashhur aktyori Amir Xon hamkasbi va “Ishq” filmidagi partnyori Juhi Chavla bilan munosabatlari haqida kutilmagan xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, ikki aktyor o‘rtasida arzimas sabab tufayli janjal chiqqan bo‘lsa-da, yillar davomida gaplashmaganiga qaramay, bir-biriga nisbatan hurmat va g‘amxo‘rlik saqlanib qolgan.
Amir Xonning so‘zlariga ko‘ra, kelishmovchilik “Ishq” filmini suratga olish jarayonida yuz bergan.
«Biz “Ishq” filmini suratga olish vaqtida qandaydir arzimas gap sabab Juhi bilan janjallashib qoldik. Bu juda kichik masala edi, lekin keyin menda xudbinlik paydo bo‘ldi. Shuning uchun u bilan boshqa gaplashmaslikka qaror qildim. Hatto suratga olish paytida ham undan uzoqlashardim. Nega bunday qilganimni o‘zim ham bilmayman.
U kelib yonimga o‘tirsa, men o‘rnimdan turib ketardim. Juhi bilan na salomlashardim, na xayrlashardim. Faqat sahnalarda, ish talab qilgandagina u bilan muloqot qilardim. Shunday qilib, keyingi olti yoki yetti yil davomida biz umuman gaplashmadik», — deydi aktyor.
Amir Xonning ta’kidlashicha, yillar davomida ularning muloqoti to‘xtagan bo‘lsa-da, og‘ir kunlarda haqiqiy do‘stlik o‘zini namoyon qilgan.
Aktyorning aytishicha, birinchi turmush o‘rtog‘i Rina bilan ajrashgani haqida xabar topgach, Juhi Chavla unga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, uchrashishni taklif qilgan.
«Juhi Rinaning ham, mening ham yaqin insonimiz edi. U bizning kelishmovchiliklarimizni hal qilishni istadi. Men uning qo‘ng‘irog‘iga javob bermasligim mumkinligini u ich-ichidan his qilgan, ammo shunga qaramay, baribir menga qo‘ng‘iroq qildi. Bu holat meni juda ta’sirlantirdi.
O‘shanda men o‘rtamizdagi haqiqiy do‘stlikka zarracha ham putur yetmaganini angladim. Biz uzoq yillar davomida gaplashmagan bo‘lsak-da, bir-birimizga g‘amxo‘rlik qilishda davom etgan ekanmiz», — dedi Amir Xon.
Aktyorning ushbu iqrori muxlislar tomonidan iliq qarshi olindi. Ko‘pchilikning fikricha, bu voqea haqiqiy do‘stlik ba’zan sukut davrini ham yengib o‘tishi mumkinligini yana bir bor isbotlaydi.






























Izohlar 0
…