O‘zbekistonliklar necha yil umr ko‘rmoqda?

O‘zbekistonliklar necha yil umr ko‘rmoqda?

O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi yil sayin oshib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etgan.

Statistik ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66,4 yosh bo‘lgan. Keyingi yillarda mazkur ko‘rsatkich izchil o‘sib borgan. Xususan, 2000 yilda 70,8 yosh, 2010 yilda 73 yosh, 2015 yilda esa 73,6 yosh qayd etilgan.

2020 yilda koronavirus pandemiyasi ta’siri sababli o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,4 yoshgacha pasaygan bo‘lsa-da, keyingi yillarda yana ijobiy o‘sish kuzatildi. Jumladan, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 75,1 yoshga yetgan bo‘lsa, 2025 yilda esa 75,4 yoshgacha ko‘tarilgan.

Mutaxassislar ushbu o‘sishni sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovining kengayishi, profilaktik chora-tadbirlarning kuchaytirilishi hamda aholi turmush darajasining izchil yaxshilanib borayotgani bilan izohlamoqda.

Qayd etilishicha, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini baholashdagi eng muhim demografik ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Yangi statistika esa O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlar davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar