Ertaga ayrim hududlarda havo harorati 48 darajagacha ko‘tariladi

20 iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab jazirama issiq yanada kuchayadi. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, ayrim hududlarda havo harorati +48 darajagacha yetishi kutilmoqda. Shuningdek, bir qator viloyatlarda kuchli shamol va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida havo kam bulutli bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishdan 3–8 metr/soniya tezlikda shamol esadi, ayrim vaqtlarda uning tezligi 12–15 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Kechasi havo +27…+29 daraja, kunduzi esa +41…+43 daraja atrofida bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida havo qisman bulutli bo‘ladi. Yomg‘ir kutilmaydi. Shamol ba’zi joylarda 18 metr/soniyagacha kuchayib, chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin. Kunduzi harorat +34…+39 darajagacha isiydi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa issiqlik yanada kuchli bo‘ladi. Havo harorati kunduzi +40…+45 darajagacha ko‘tariladi. Ayrim hududlarda shamolning tezligi 20–22 metr/soniyagacha yetib, chang-to‘zonlar kuzatilishi ehtimol qilinmoqda.
Toshkent viloyati, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kunduzi +40…+45 daraja atrofida bo‘ladi. Kuchli shamol ayrim joylarda chang ko‘tarishi mumkin.
Eng yuqori harorat Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Bu hududlarda havo +43…+48 darajagacha qiziydi. Shu bilan birga, shamolning kuchayishi va chang-to‘zonlar ehtimoli ham saqlanib qoladi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlari — Andijon, Namangan va Farg‘onada ham yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi havo +40…+45 darajagacha isiydi.
Tog‘li hududlarda esa nisbatan salqinroq ob-havo saqlanadi. Bu yerlarda kunduzi harorat +30…+35 daraja, ayrim joylarda esa +37 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Sinoptiklar aholidan kunning eng issiq vaqtlarida uzoq vaqt ochiq quyosh ostida qolmaslik, ko‘proq suv iste’mol qilish hamda keksa yoshdagilar, bolalar va surunkali kasalligi bor fuqarolarning salomatligiga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etmoqda.






























Izohlar 0
…