O‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro kimyo olimpiadasida 4 ta medalni qo‘lga kiritdi

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi (ICHO-2026) O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Milliy jamoaning barcha to‘rt nafar ishtirokchisi medaldorlar safidan o‘rin olib, mamlakat sharafini munosib himoya qildi.
Terma jamoa hisobiga 1 ta oltin va 3 ta kumush medal yozildi. Rayhona Tuymurodova oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Jasur Mustafoyev, Azizmuhammad Hafizov va Mirjalol Xomidjonov kumush medal bilan taqdirlandi.
10–19 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli olimpiadaga O‘zbekiston ilk bor mezbonlik qildi. Shu bilan birga, mazkur musobaqa Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta tashkil etilgan Xalqaro kimyo olimpiadasi sifatida ham qayd etildi. Unda 93 davlatdan 700 nafardan ortiq o‘quvchi, murabbiy va rasmiy vakillar ishtirok etdi.
Prezidentning 2024 yil 30 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari hamda ularning ustozlari davlat tomonidan bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Unga ko‘ra, oltin medal sohibiga 1 milliard 30 million so‘m, kumush medal sohibiga esa 618 million so‘m, bronza medal uchun — 412 mln so‘m mukofot beriladi. Shuningdek, g‘oliblarni tayyorlagan o‘qituvchilar ham pul mukofoti bilan taqdirlanib, ularning malaka toifasi bir pog‘onaga oshiriladi.






























Izohlar 0
…