Cristiano Ronaldo va Ivan Toney ortda qoldi: Saudiya Arabistonida yangi toʻpurar

Meksika terma jamoasi va "Al-Qadsiah" yulduzi Julian Quinones kutilmagan natija qayd etib, Saudiya Pro ligasining "Oltin butsa" sovrinini qoʻlga kiritdi. Hujumchi mavsumning soʻnggi turida dramatik tarzda peshqadamlikni qoʻlga olib, "Al-Nassr" superyulduzi Cristiano Ronaldo va "Al-Ahli" hujumchisi Ivan Toney kabi nomdor raqiblarini ortda qoldirdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mavsum avvalida deyarli hech kim bashorat qilmagan voqealar rivojida Quinones rasman chempionat toʻpurari deb eʻlon qilindi. Meksikalik futbolchi "Al-Ittihad"ga qarshi kechgan soʻnggi tur bahsida haqiqiy mahorat darsini koʻrsatdi. Uning 5:1 hisobidagi gʻalaba bilan yakunlangan oʻyinda qayd etgan het-triki mavsumdagi gollari sonini 33 taga yetkazdi va uni toʻpurarlar poygasining eng yuqori pogʻonasiga olib chiqdi.
Soʻnggi tur oldidan Quinones hisobida 30 ta gol bor edi va u 32 ta gol bilan peshqadamlik qilayotgan Ivan Toneydan ortda qolayotgan edi. Cristiano Ronaldo esa bu vaqtda 26 ta golga ega edi. 2024-yilning yozida Meksikaning "Club América" jamoasidan "Al-Qadsiah" safiga kelib qoʻshilgan hujumchi oʻzining eng yaxshi oʻyinini aynan hal qiluvchi pallaga saqlab qoʻygan ekan.
Ushbu natija orqali Quinones Cristiano Ronaldo uchun Saudiya Arabistonidagi ketma-ket uchinchi "Oltin butsa"ni qoʻlga kiritish imkoniyatini yoʻqqa chiqardi. Portugaliyalik afsona soʻnggi turda "Damac" ustidan qozonilgan 4:1 hisobidagi gʻalabada dubl qayd etib, mavsumni 28 ta gol bilan yakunlagan boʻlsa-da, bu Julian Quinonesga yetib olish uchun kamlik qildi.
Poyga oxirigacha shiddatli kechdi: "Brentford"ning sobiq hujumchisi Ivan Toney 32 ta gol bilan mavsumni ikkinchi oʻrinda yakunladi. "Al-Ahli" safida toʻp surayotgan Toney soʻnggi turda "Al-Khaleej" darvozasini ishgʻol eta olmadi va bu "Al-Qadsiah" forvardiga uni soʻnggi lahzada quvib oʻtish imkonini berdi.
Garchi Cristiano Ronaldo bu safar shaxsiy sovrinni boy bergan boʻlsa-da, uning tarixiy rekordi hali ham oʻz kuchida qolmoqda. "Al-Nassr" sardori Saudiya Pro ligasining bir mavsumida eng koʻp gol urish boʻyicha mutlaq rekordchi hisoblanadi. Quinones va Toney qanchalik harakat qilishmasin, Ronaldoning 2023-24-yilgi mavsumda oʻrnatgan 35 gollik koʻrsatkichini yangilay olishmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!