«To‘y bo‘ladi»: Sindorovning bobosi Assaubayeva haqida gapirdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Javohir Sindorovning bobosi Komil Sindorov, agar nevarasi va Bibisora Assaubayeva oila qurishga qaror qilsa, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
- Uning fikricha, bu nikoh nafaqat ikki yosh uchun, balki O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarini yanada yaqinlashtiruvchi omil bo‘lishi mumkin.
- Komil Sindorovning ta’kidlashicha, Javohirning jahon chempionligini qo‘lga kiritishi masalasi hal bo‘lgach, to‘y masalasi muhokama qilinadi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli grossmeysteri Javohir Sindorov va qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Assaubayevaning munosabatlari haqida yangi ma’lumotlar ma’lum bo‘ldi. Javohirning bobosi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov ularning kelajakdagi to‘yi haqida fikr bildirdi. Bu haqda u «Qarorgoh» podkastida so‘z yuritdi.
Komil Sindorovning aytishicha, agar yoshlar oila qurishga qaror qilsa, u bunga qarshi emas va ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
«Agar yoshlar shunday fikrga kelsa, men qarshi emasman, oq fotiha beraman. Ular bolaligidan beri ko‘plab musobaqalarda birga ishtirok etgan, o‘y-fikri, dunyoqarashlari bir xil. Bibisora ham Qozog‘istonning faxri, grossmeyster, bir necha karra Jahon chempioni», — dedi u.
Uning fikricha, bu nikoh nafaqat ikki yoshning hayotidagi muhim voqea, balki O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarini yanada yaqinlashtiruvchi omil ham bo‘lishi mumkin.
«Do‘stona munosabatlar asta-sekin muhabbatga aylandi»

Komil Sindorov Javohir bilan bu mavzu bo‘yicha bir necha bor suhbatlashganini aytdi. Dastlab oila a’zolari bu munosabatlar yoshlik qiziqishi bo‘lishi mumkinligini ham o‘ylashgan. Biroq yoshlarning bir necha yildan beri davom etayotgan munosabatlari ularning fikrini o‘zgartirgan.
«Unga o‘ylab ko‘rishini, bu balki yoshlik qiziqishi bo‘lishi mumkinligini aytganmiz. Yo‘q, ular bir necha yildan beri munosabatlarini davom ettirib kelyapti. Do‘stona munosabatlar asta-sekin muhabbatga aylandi», — dedi u.
Shu bilan birga, Komil Sindorov hozir Javohir uchun asosiy vazifa jahon chempionligiga erishish ekanini ta’kidladi.
«U Jahon shaxmat tojini O‘zbekistonga olib kelsa, albatta, bu masalani muhokama qilamiz. To‘y bo‘ladi, bundan juda ko‘p narsa kutyapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Nega bu nikoh oila uchun ma’qul?
Komil Sindorovning fikricha, shaxmat olamini tushunadigan inson bilan oila qurish Javohir uchun qulay bo‘lishi mumkin. Sababi, professional shaxmatchilar yilning katta qismini xorijdagi musobaqalarda o‘tkazadi.
«U yilning 11 ta oyida xorijda musobaqalarda ishtirok etadi. Oilasi u bilan birga yurishi kerak, qiziqmagan odam uchun bu juda katta qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun bu bizga har tomonlama ma’qul va qulay», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Bibisoraning Qozog‘istondan ekani ikki xalqni yanada yaqinlashtirishi mumkin. Komil Sindorov shaxmatchining O‘zbekistonga kelishi mamlakat shaxmati rivojiga ham foyda keltirishiga ishonch bildirdi.
Javohir Sindorovni jahon chempionligi uchun muhim bahs kutmoqda

Ma’lumot uchun, Javohir Sindorov O‘zbekiston tarixida jahon shaxmat toji uchun bahsda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan ilk shaxmatchi hisoblanadi. U 2026 yil 22 noyabrdan 13 dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahrida amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan bellashishi rejalashtirilgan.
Musobaqa 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi chempionlikni qo‘lga kiritadi, hisob teng bo‘lsa, g‘olib tay-breyk orqali aniqlanadi. G‘olibga 1,3 million dollar, finalchiga esa 1,2 million dollar mukofot puli berilishi ko‘zda tutilgan.
Javohir Sindorov FIDE onlayn reytingida bir pog‘ona yuqorilab, dunyoning uchinchi raqamli shaxmatchisiga aylangan edi.
Avvalroq Bibisora Assaubayeva Telegram kanalida obunachisining Javohir bilan qachondan beri uchrashib yurgani haqidagi savoliga javob berib, o‘sha paytda uning reytingi hali 2700 ochkoga yetmaganini aytgan edi.






























Izohlar 0
…