Mareskadan kutilmagan qaror: “Brayton”ga qarshi bahsda Husanov qaysi pozitsiyada o‘ynaydi?

Mareskadan kutilmagan qaror: “Brayton”ga qarshi bahsda Husanov qaysi pozitsiyada o‘ynaydi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • «Manchester Siti» jamoasi Angliya ligasi kubogining 4-bosqichi doirasida «Brayton»ga qarshi o‘yinda tarkibda keng ko‘lamli rotatsiyani amalga oshiradi.
  • Murabbiy Enso Mareska tig‘iz taqvim va so‘nggi mag‘lubiyat sababli o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni maydonga tushirishni rejalashtirmoqda.
  • Husanovning o‘ng qanot himoyasida yoki markaziy himoya qo‘rg‘onida harakat qilishi kutilmoqda.

Angliya Premer-ligasining so‘nggi turida «Aston Villa» maydonida 1:2 hisobida mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini tan olgan «Manchester Siti» zudlik bilan vaziyatni o‘nglashga majbur. Enso Mareska boshqaruvidagi «shaharliklar» navbatdagi muhim sinovni Angliya ligasi kubogining 4-bosqichi doirasida «Brayton»ga qarshi uchrashuvda o‘tkazadi.

Evening Standard va Sports Mole nashrlarining yozishicha, taqvimning o‘ta tig‘izligi hamda so‘nggi muvaffaqiyatsizlik ortidan murabbiylar shtabi tarkibda keng ko‘lamli rotatsiyaga qo‘l uradi. Eng asosiysi, o‘zbekistonlik iqtidorli himoyachi Abduqodir Husanov kubok bahsida maydonga tushishi kutilmoqda.

Himoya va darvoza: Donnarumma o‘rnini Rulli egallaydi, Husanov markazdami yoki qanotda?

«Aston Villa»ga qarshi o‘yinda yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xatolar va charchoq alomatlari himoya chizig‘ida yangi nomlarni ko‘rishga undamoqda:

  • Darvozada o‘zgarish: «Aston Villa» bilan bahsda ikkinchi golda aybdor deb topilgan Janluiji Donnarumma zaxiraga olinadi; uning o‘rnini o‘tgan oy «Norvich»ga qarshi (5:0) kubokda muvaffaqiyatli debyut qilgan Jeronimo Rulli egallaydi;

  • Abduqodir Husanovning universalligi: Mushaklarida muammo bo‘lgan Mateush Nunesh o‘ynay olmasligi sababli, Mareska o‘ng qanot himoyasida Riko Lyuis yoki Abduqodir Husanovdan biriga ishonch bildirishi kutilmoqda;

  • Markaziy mudofaa qo‘rg‘oni: Husanov qanotga qo‘yilmagan taqdirda, himoya markazining yetakchisiga aylanadi; unga sherik sifatida xatolari uchun tanqid qilingan Mark Gexi, tajribali Ruben Diash yoki yosh Vitor Reysdan biri tanlanadi;

  • Chap qanot: Bu qanot himoyachisi o‘rni uchun Niko O'Rayli hamda Yoshko Gvardiol o‘rtasida raqobat ketmoqda.

Yarim himoya va hujum: Holandga hordiq, 17 yoshli yangi to‘purar maydonda

Mareska asosiy yulduzlarni ehtiyot qilishga va kuchlarni qayta taqsimlashga qaror qilgan:

  • Holandning o‘rniga 17 yoshli Samba: Oyog‘idagi jarohatidan tiklanib, «Aston Villa»ga qarshi 90 daqiqa harakat qilgan Erling Holandga to‘liq dam beriladi; uning o‘rnini «Norvich» bilan kubok bahsida dubl qayd etgan 17 yoshli vunderkind Floyd Samba egallaydi;

  • Yarim himoyani yangilash: So‘nggi bahsda zaxirada qolgan Ayub Buaddi hamda Mateo Kovachich maydonga tushishi, bu esa Elliot Anderson va Enso Fernandesga dam olish imkonini berishi kutilmoqda;

  • Foden safga qaytmoqda: So‘nggi ikkita uy o‘yinida 4 ta gol urib yuqori formada turgan Fil Foden «o‘nlik» pozitsiyasida Rayan Sherkining o‘rnini olishga asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.

«Manchester Siti»ning «Brayton»ga qarshi taxminiy tarkibi

Chiziq

Futbolchilar

Darvozabon

Jeronimo Rulli

Himoyachilar

Riko Lyuis, Abduqodir Husanov, Ruben Diash, Niko O'Rayli

Markaziy yarim himoya

Ayub Buaddi, Mateo Kovachich

Hujumkor yarim himoyachilar

Rayan Makeydu (yoki Allan), Fil Foden, Jeremi Doku

Markaziy hujumchi

Floyd Samba

Dam beriladigan yetakchilar

Janluiji Donnarumma, Erling Holand, Enso Fernandes

«Brayton»ga qarshi bo‘ladigan mazkur to‘qnashuv «Manchester Siti» uchun nafaqat chorak finalga chiqish, balki Abduqodir Husanov va zaxiradagi yoshlar uchun murabbiylar ishonchini oqlashda muhim sinovga aylanadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar