NASA Mars missiyasi ishtirokchilari 200 kunlik izolyatsiyani yakunlashdi

NASAning CHAPEA (Crew Health and Performance Exploration Analog Mission) ikkinchi missiyasi ishtirokchilari Marsdagi hayotni imitatsiya qiluvchi majmuada 200 kunlik uzluksiz izolyatsiyani ortda qoldirishdi. To‘rt kishidan iborat ekipaj a’zolari — Ross Elder, Ellen Ellis, Mettyu Montgomeri va Jeyms Spayser o‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon 160 kvadrat metrli yopiq modulda yashamoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirda jamoa missiyaning eng murakkab bosqichlaridan biri — ikki haftalik «aloqa tutilishi» jarayonini boshdan kechirmoqda. Bu ssenariy Mars Quyoshning narigi tomonida qolganda yuzaga keladigan radioaloqa uzilishlarini modellashtiradi. Bu vaqtda ishtirokchilar Yer bilan bog‘lana olmaydi va barcha muammolarni mustaqil hal qilishga majbur.
160 kvadrat metrli maydonda yashovchi ekipaj resurslar tanqisligi, texnik nosozliklar va internetdan foydalanish imkoniyati yo‘qligi kabi qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ular Mars yuzasiga chiqishni simulyatsiya qilish, o‘simliklar yetishtirish va hayotni ta’minlash tizimlariga xizmat ko‘rsatish kabi vazifalarni bajarishadi.
NASA mutaxassislari ushbu tajriba orqali uzoq muddatli izolyatsiyaning inson psixologiyasi, kognitiv qobiliyatlari va jismoniy salomatligiga ta’sirini o‘rganmoqda. Olingan ma’lumotlar kelajakda amalga oshiriladigan Oy bazalari va Marsga parvozlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Umumiy hisobda 378 kun davom etishi rejalashtirilgan ushbu tajriba 2026-yil 31-oktyabrda yakunlanadi. Bu missiya NASAning inson salomatligini o‘rganish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bo‘lib, u kosmik parvozlarning inson organizmiga ta’sirini tushunishda muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!