date

SpaceX IPO arafasida AQSH hukumatidan 6,45 milliard dollarlik shartnoma oldi

SpaceX IPO arafasida AQSH hukumatidan 6,45 milliard dollarlik shartnoma oldi

Kelasi oyda tarixdagi eng yirik IPO’ni oʻtkazishi kutilayotgan SpaceX kompaniyasi Donald Trump maʼmuriyatidan ulkan moliyaviy koʻmak oldi. Juma kuni AQSH Koinot kuchlari (Space Force) SpaceX bilan 4,16 milliard dollarlik shartnoma imzolanganini eʼlon qildi. Ushbu mablagʻ prezident Trump tomonidan “Oltin gumbaz” deb nomlangan raketa va havo hujumidan mudofaa tizimi uchun sunʼiy yoʻldoshlar qurishga yoʻnaltiriladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Ushbu kelishuv Elon Musk kompaniyasi joriy haftaning boshida qoʻlga kiritgan 2,29 milliard dollarlik boshqa bir shartnomadan soʻng amalga oshirildi. Mazkur loyiha doirasida SpaceX Yerning past orbitasida maxsus aloqa tarmogʻini barpo etishi koʻzda tutilgan. Ketma-ket imzolangan ushbu shartnomalar kompaniyaning davlat buyurtmalariga qanchalik bogʻliqligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Oʻtgan haftada eʼlon qilingan IPO hujjatlariga koʻra, SpaceX daromadlarining sezilarli qismi hukumat hisobiga toʻgʻri keladi. Xususan, 2025-yilda kompaniya umumiy tushumining beshdan bir qismi aynan davlat agentliklari tomonidan taʼminlangan. Elon Musk Trumpning saylovoldi kampaniyasiga taxminan 300 million dollar sarflagan boʻlsa-da, tahlilchilar SpaceX soʻnggi oʻn yillikda koinotga uchirish bozorida mutlaq yetakchilik qilayotganini taʼkidlamoqda.

Shunga qaramay, kompaniya oʻz investorlarini yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflardan ogohlantirdi. IPO arizasida qayd etilishicha, SpaceX’ning davlat tuzilmalari bilan hamkorligi siyosiy oʻzgarishlar, yangi ustuvorliklar, tartibga solish qoidalari va moliyalashtirish darajasining oʻzgarishiga bevosita bogʻliq boʻlib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » SpaceX IPO arafasida AQSH hukumatidan 6,45 milliard dollarlik shartnoma oldi