iPhone 18 Pro qanday ko‘rinishda bo‘lishi ma’lum bo‘ldi

Apple'ning hali taqdim etilmagan iPhone 18 Pro smartfoni haqida yangi ma’lumotlar internetda tarqaldi. Bu safar qurilmaning ehtimoliy tashqi ko‘rinishi, yangi korpus ranglari hamda dizayndagi ayrim o‘zgarishlarni aks ettiruvchi suratlar ommaga taqdim etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, suratlar Apple'ning asosiy ishlab chiqarish hamkorlaridan biri bo‘lgan Tata Electronics kompaniyasiga qilingan kiberhujum ortidan tarqalgan. Android Authority xabariga ko‘ra, hujum natijasida umumiy hajmi 630 gigabaytdan ortiq bo‘lgan 200 mingdan ziyod fayl sizib chiqqan.
Insayderlar tarqatgan tasvirlarda iPhone 18 Pro uchun tayyorlanayotgan yangi ranglar ham namoyish etilgan. EarlyAppleLeaks ma’lum qilishicha, Apple ommaviy ishlab chiqarish uchun to‘q Cherry Red rangini tanlagan. Kompaniya bir nechta variantlarni sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa-da, aynan shu tus yakuniy qaror sifatida ma’qullangani aytilmoqda.

Shu bilan birga, CMF (Color, Material and Finish) dasturi doirasida sinovdan o‘tkazilgan Burgundy nomli to‘q binafsha rangli korpus ham internetda paydo bo‘ldi. Ammo manbalarning ta’kidlashicha, ushbu variant yakuniy modellar qatoriga kirmagan.
Tarqalgan materiallar qurilmaning dizayniga oid avvalgi taxminlarni ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, smartfonda old sensorlar qayta joylashtirilishi hisobiga Dynamic Island yanada ixchamroq va kamroq ko‘zga tashlanadigan ko‘rinishga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan avval ham internetda iPhone 18 Pro'ning yiqilishga chidamliligini baholash uchun o‘tkazilgan ichki sinovlar videosi tarqalgan edi. Bu esa Apple yangi avlod smartfonining mustahkamligi ustida ham jiddiy ish olib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Apple hozircha sizib chiqqan ushbu ma’lumotlar yuzasidan rasmiy bayonot bermagan. Shunga qaramay, tarqalayotgan suratlar va texnik ma’lumotlar bo‘lajak iPhone 18 Pro atrofidagi qiziqishni yanada kuchaytirmoqda.m






























Izohlar 0
…