Ko‘pchilik insonlar ertalab ishga yoki o‘qishga shoshilib, nonushta qilishni unutadi. Ayrimlar esa ishtahasi yo‘qligi tufayli tamaddi qilishni xushlamaydi. Ammo bunga doimiy odatlanish organizmda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu haqda ma’lumot berdi.
— Ertalab nonushta qilishning salomatlik uchun foydasi katta, — deydi Yunusobod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shoira Abdusattarova. — Eng avvalo, u kunni yaxshi boshlash va yuqori samaradorlikka erishishga yordam beradi. Qolaversa, tongi tamaddi organizmni energiya va zarur ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi.
Ertalab nonushta qilmaslik tufayli tana quvvat manbaidan ayriladi. Oqibatda organizm o‘zining saqlangan energiya resurslarini ishlatishga majbur bo‘ladi.
Natijada kun davomida charchoq, diqqatning yo‘qolishi va konsentratsiyaning pasayishi kuzatiladi. Bu, ayniqsa, ishda va o‘qishda yuqori samaradorlikka erishishga to‘sqinlik qiladi. Mazkur holat muntazam davom etganda, oshqozon-ichak trakti kasalliklarining kuchayishi va jigar-o‘t faoliyatida qator muammolarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, ertalabki ovqat metabolizmni tezlashtirib, organizmning kaloriyalarni tezroq sarflashini ta’minlaydi. Nonushta qilmaslik bu jarayonni sekinlashtirib, tanada ortiqcha vazn yig‘iladi.
Shuningdek, tonggi tamaddi qonda shakar miqdorini normal holatda ushlab turishga yordam berishi bilan foydali. Agar nonushta qilinmasa, qonda qand miqdori pasayib ketishi mumkin. Bu esa uyquchanlik, asabiylik va ish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Shu bilan birga, oshqozonda kislota miqdorining oshishi tufayli turli xastaliklar, xususan, gastrit yoki yara paydo bo‘lish ehtimoli yuqori.
Bilamizki, muntazam va to‘g‘ri ovqatlanish immun tizimini mustahkamlaydi. Nonushta qilmaslik esa aksincha immunitetning pasayishiga va organizmning turli infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatining susayishiga sabab bo‘ladi.
So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, ertalab uyqudan turgandan so‘ng ovqatlanmaydiganlar yiliga 3-5 kilogrammgacha vazn orttiradi va 35-50 yoshga borib ularda semizlik bilan bog‘liq muammolar kuzatilishi mumkin.
Albatta hammaga birdek mos keladigan universal nonushta yo‘q. Bu organizmning o‘ziga xosligigiga bog‘liq. Xususan, yuqori kislotalik va intensiv hazm qilish holati bo‘lgan odamlar kuchli nonushta qilishi, aksincha bo‘lsa, yengilroq tamaddi qilgani maqsadga muvofiq.
Tongni bir stakan iliq suv ichish bilan boshlash salomatlik uchun koni foyda. Nonushtaga esa tuxum, tovuq go‘shti, javdari undan qilingan non va non mahsulotlari, asal, pishloq va bo‘tqalar tanovul qilish tavsiya etiladi.
Aksincha, xamirturushli non, pishiriqlar, allergik reaksiyalarni keltirib chiqaruvchi sitrus mevalarni iste’mol qilish va kofe ichish mumkin emas. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi