14:00 / 25.03.2025
46

Bolalar uchun to‘laqonli uyquning ahamiyati va uyqu yetishmasligi oqibatlari

Bolalar uchun to‘laqonli uyquning ahamiyati va uyqu yetishmasligi oqibatlari
Bolalarning to‘laqonli uyqusi ularning sog‘lig‘i va to‘g‘ri rivojlanishi uchun muhim omillardan biri hisoblanadi. Rossiyalik bolalar endokrinologi, tibbiyot fanlari nomzodi Anastasiya Sinitsina uyqu yetishmovchiligi organizmga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirlar haqida ma’lumot berdi. Uyqu immunitet, vazn, kayfiyat va kognitiv funksiyalarga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.

Uyqu yetishmovchiligi qanday oqibatlarga olib keladi?

Yetarli uyqu olmaslik bolalar va kattalarda qator muammolarga sabab bo‘ladi:
  • Hissiy holat buzilishi – asabiylik, odamovilik va stress holatining orttirishi.
  • Xotira va diqqat pasayishi – bolalarda o‘quv qobiliyatining susayishi.
  • Reaksiya tezligining pasayishi – organizm tashqi ta’sirlarga 45%ga kamroq javob qaytaradi.
  • Jismoniy va aqliy rivojlanishga ta’siri – bolalarda diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi belgilari oshishi.

Shuningdek, to‘laqonli uyqu bolalarning maktabdagi o‘zlashtirish darajasini yaxshilashga yordam beradi. Atigi 20 daqiqalik qo‘shimcha uyqu bolaning bilim olish qobiliyatini sezilarli darajada oshirishi mumkin.

Bolalar uchun tavsiya etilgan uyqu muddatlari

Pediatrlar va shifokorlar bolalar uchun quyidagi minimal uyqu soatlarini tavsiya qiladilar:
  • 1 yoshdan 3 yoshgacha – kamida 11 soat.
  • 3 yoshdan 6 yoshgacha – kamida 10 soat.
  • 6 yoshdan 13 yoshgacha – kamida 9 soat.
  • 13 yoshdan 17 yoshgacha – kamida 8 soat.

Uyqu fazalari va ularning ahamiyati

Uyqu ikki asosiy fazaga bo‘linadi: tez va sekin fazalar. Sekin fazaning uchinchi bosqichi bolalar uchun eng muhim sanaladi, chunki aynan shu paytda o‘sish gormoni – somatotropin faol ishlab chiqariladi.

Somatotropin bolalarda quyidagi jarayonlarga ta’sir qiladi:
- Bir tekis o‘sishga yordam beradi.
- Mushaklarni shakllantirishni tezlashtiradi.
- Oqsil sintezini kuchaytirib, uning parchalanishini to‘xtatadi.
- Yog‘ parchalanishini tezlashtiradi va mushak massasining o‘sishiga yordam beradi.
- Suyak to‘qimasiga kalsiyning so‘rilishini kuchaytiradi.

Qanday qilib bolalarda uyqu sifatini oshirish mumkin?

Mutaxassislarning tavsiyasiga ko‘ra, bolalar soat 22:00 dan kechikmay uxlashga yotishi kerak. Chunki 23:00 – 01:00 oralig‘ida somatotropin maksimal darajada ishlab chiqariladi. Bolalarda uyqu sifati yuqori bo‘lishi uchun quyidagilarga rioya qilish lozim:

1. Uyqudan 2-3 soat oldin ovqatlanishni to‘xtatish – ayniqsa, tez hazm bo‘ladigan uglevodlar (konfet, pechene, pirojniy va h.k.).
2. Gadjetlar va televizorni uyqudan 2 soat oldin cheklash – bu asab tizimining ortiqcha qo‘zg‘alishini oldini oladi.
3. Kun tartibini yo‘lga qo‘yish – bolaning uyquga yotish va uyg‘onish vaqtini doimiy ravishda saqlash.

Qanday hollarda mutaxassisga murojaat qilish kerak?

Agar bola tez-tez qo‘rqinchli tushlar ko‘rsa, uyqusida baqirsa yoki “oyparastlik” qilsa, bu uyqu muammolarining belgisi bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda, nevrolog yoki bolalar endokrinologiga murojaat qilish tavsiya etiladi.

To‘laqonli uyqu bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishi uchun muhimdir. U bolalarning immunitetini mustahkamlaydi, stress holatlarini kamaytiradi, xotira va diqqatni yaxshilaydi. Ota-onalar bolalarining kun tartibini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, ularga sog‘lom uyqu sharoitlarini yaratishi juda muhimdir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik