Yangi elektromobil Matiz O‘zbekistonda ishlab chiqariladimi? Rasmiy javob

Chevrolet yaqin yillarda Xitoyning Wuling Bingo Pro modeli negizida yangi va hamyonbop elektromobil ishlab chiqarishi mumkinligi haqidagi xabarlar avtomobil ishqibozlari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, mazkur model kelajakda ayrim bozorlarda Chevrolet Matiz'ning zamonaviy elektr vorisi sifatida taqdim etilishi mumkinligi haqidagi taxminlar keng muhokama qilinmoqda.
Wuling Bingo Pro — uzunligi 4 metrdan biroz oshadigan, besh eshikli hetchbek hisoblanadi. Avtomobilning g‘ildirak bazasi 2560 millimetrni tashkil etadi. Model old g‘ildiraklarni harakatlantiruvchi 88 ot kuchiga ega yagona elektr motor bilan jihozlangan bo‘lib, shahar sharoitida qulay va iqtisodiy harakatlanish uchun mo‘ljallangan.
Xitoy bozorida ushbu avtomobil litiy-temir-fosfat (LFP) turidagi batareyalarning ikki xil talqini bilan taklif etilmoqda. Ular mos ravishda 31,9 va 37,9 kVt/soat sig‘imga ega. Bingo Pro 2026 yil bahorida rasman savdoga chiqarilgan bo‘lib, uning boshlang‘ich narxi 58,8 ming yuan, ya’ni taxminan 8,7 ming AQSH dollarini tashkil qiladi. Ana shu jihati tufayli u o‘z toifasidagi eng arzon va ommabop elektromobillardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

General Motors avval ham Xitoyda ishlab chiqarilgan Wuling va Baojun modellarini Chevrolet brendi ostida boshqa mamlakatlar bozorlariga olib chiqish tajribasiga ega. Masalan, Lotin Amerikasi uchun ishlab chiqilgan elektr Chevrolet Spark modeli Baojun Ep Plus platformasi asosida yaratilgan. Shuningdek, elektr Chevrolet Captiva esa Wuling Starlight S modelining Chevrolet logotipi bilan sotiladigan talqini hisoblanadi.
Bunday amaliyot ilgari O‘zbekistonda ham qo‘llangan. Xususan, bir necha yil avval ishlab chiqarilgan ikkinchi avlod Damas avtomobili aslida Xitoyning Wuling Hongguang V modeli negizida yaratilgani ma’lum.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yangi elektromobil O‘zbekistonda ham Chevrolet Matiz'ning zamonaviy elektr vorisi sifatida ishlab chiqarilishi mumkinligi haqida turli taxmin va muhokamalar paydo bo‘ldi. Bu xabarlar mahalliy avtomobil ishqibozlari orasida katta qiziqish uyg‘otganiga qaramay, hozircha bu borada rasmiy qaror qabul qilinmagan.
“O‘zavtosanoat” mas’ulining «Daryo» nashriga ma’lum qilishicha, ayni vaqtda Wuling Bingo Pro negizidagi ushbu elektromobilni O‘zbekistonda ishlab chiqarish rejalar qatoriga kiritilmagan. Shu bois hozircha mazkur loyihaning mamlakatimizda amalga oshirilishi haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagan.

Hozircha Chevrolet kompaniyasi Wuling Bingo Pro platformasida yaratiladigan yangi elektromobilni qachon rasman taqdim etishi va uni qaysi bozorlarda sotishni rejalashtirayotgani haqida ham aniq ma’lumot bermagan. Biroq loyiha amalga oshsa, ushbu model rivojlanayotgan mamlakatlar uchun Chevrolet brendining eng arzon va eng ommabop elektromobillaridan biriga aylanishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Bu esa kelajakda elektr transport vositalari bozorida raqobatning yanada kuchayishiga xizmat qilishi mumkin.






























Izohlar 0
…