Ford oʻzining ekstremal avtomobillarida faqat elektr dvigatellardan voz kechadi

Ford Racing boʻlinmasi texnologik chegaralarni kengaytirishga xizmat qiluvchi yuqori unumdorlikka ega "Demonstrator" turkumidagi avtomobillarni ishlab chiqishda davom etadi. Biroq, kompaniya endilikda faqat elektromobillar bilan cheklanib qolmasligini maʼlum qildi. Soʻnggi yillarda brend Supervan 4.2, F-150 Lightning Supertruck va Mustang Cobra Jet 2200 kabi bir qator elektr quvvatli loyihalarni taqdim etgan edi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Ushbu maxsus avtomobillar Pikes Peak poygalarida qatnashgan va Goodwood Festival of Speed kabi nufuzli tadbirlarda namoyish etilgan. Ford Racing rahbari Mark Rushbrook Autocar nashriga bergan intervyusida Formula E kabi tayyor poyga seriyalarida qatnashishdan koʻra, oʻz loyihalarini yaratishni afzal koʻrishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, cheklovlardan xoli boʻlgan bunday loyihalar motor, akkumulyator va aerodinamika boʻyicha koʻproq bilim olish imkonini beradi.
Ford kompaniyasi oʻzining kelajakdagi rejalariga oʻzgartirish kiritib, gibrid va ichki yonuv dvigatellariga (IYoD) koʻproq eʼtibor qarata boshladi. Shu sababli, yangi avlod ekstremal avtomobillari ham turli xil quvvat qurilmalariga ega boʻladi. "Biz faqat toʻliq elektr bilan cheklanib qolmaymiz. Kelajakda gibrid va anʼanaviy dvigatelli modellarimiz ham koʻp boʻladi", — deya tushuntirdi Rushbrook.
Hozirda Ford Red Bull bilan hamkorlikda Formula 1 uchun quvvat bloklari ustida ishlamoqda. Rushbrookning taʼkidlashicha, F1 poygalaridan olinayotgan tajriba gibrid texnologiyalarni rivojlantirishda juda muhim. Kelajakdagi "Demonstrator" loyihalari aynan mana shu olingan bilimlarni sinovdan oʻtkazish va yangi turdagi yuqori quvvatli gibrid tizimlarni yaratish uchun xizmat qiladi.





























Izohlar 0
…