Turkiyada 3-qavatdan qulagan o‘zbekistonlik ayol Vatanga qaytarildi

Turkiyada 3-qavatdan qulagan o‘zbekistonlik ayol Vatanga qaytarildi

Turkiyaning Bursa shahrida baxtsiz hodisaga uchragan O‘zbekiston fuqarosi yurtimizga olib kelindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.N. ishlash maqsadida Turkiyaga borgan vaqtda baxtsiz hodisaga uchrab, turar joyning uchinchi qavatidan qulab tushgan. Oqibatda u turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.

Hodisa sodir bo‘lishi bilan jabrlanuvchiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, u shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar nazorati ostida zarur davolash muolajalari amalga oshirilgan.

Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, voqeadan xabar topgan Bursa shahrida istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz birlashib, ko‘ngilli ravishda navbatchilik tashkil etgan. Ular fuqaroning davolanishi, parvarishi va ehtiyojlarini ta’minlashda faol ishtirok etgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamkorligida zarur tashkiliy ishlar bajarilib, fuqaro muvaffaqiyatli ravishda Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarilgan.

Rasmiylar insonparvarlik va hamjihatlik namunasini namoyon etgan Bursa shahridagi ko‘ngilli o‘zbekistonliklarga, shuningdek, «O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati»ga ko‘rsatgan beg‘araz yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar