«Olti oyligimda 20 kilo bo‘lganman» — Elbek Ibrohimov operatsiyasiz 100 kilo vazn tashlab hammani hayratda qoldirdi

«Olti oyligimda 20 kilo bo‘lganman» — Elbek Ibrohimov operatsiyasiz 100 kilo vazn tashlab hammani hayratda qoldirdi

Ijtimoiy tarmog‘larda “Shum bola” taxallusi bilan tanilgan mashhur fudbloger Elbek IbrohimovMening yurtim” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Omon-omon” dasturida mehmon bo‘ldi. Suhbat davomida u operatsiyasiz qanday qilib katta miqdordagi vazndan qutulgani va ovqatlanish tartibida qaysi jihatlarga e’tibor qaratgani haqida gapirdi.

“Olti oyligimda 20 kilodan oshganman”

— Tug‘ilganimda vaznim 5 kilodan ortiq bo‘lgan. Olti oylik paytimda esa 20 kilodan oshib ketgan ekanman. Shifokorlar aytishicha, biz o‘zimiz bilmagan holda bir nechta katta natijalarga erishganmiz. Dunyoda “agar semizlik genetik bo‘lsa, ozish qiyin”, degan qarash bor. Naslimizdagi insonlarning deyarli barchasi to‘la bo‘lsa-da, men ozishga muvaffaq bo‘ldim.

Uning ta’kidlashicha, tez vazn tashlagan ko‘pchilik odamlar qisqa vaqt ichida yana vazn yig‘ib oladi. Ammo u hozir ham o‘z natijasini saqlab qolmoqda.

— Hozir vaznim 100 kilogramm. Albatta, yana biroz ortiqcha vaznim bor. Shuning uchun mashg‘ulotlarni davom ettirib, 70 kilogacha tushishni maqsad qilganman, — dedi bloger.

Elbek Ibrohimovning aytishicha, ortiqcha vazn tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklar uni jiddiy qaror qabul qilishga undagan.

— Shuningdek, operatsiya qildirib, keyin esa o‘z mehnati bilan ozgandek ko‘rsatishga harakat qilayotganlarni ko‘rganim ham ta’sir qildi. Men sog‘lom usulni — sport va mashqlarni tanladim. Oilamni Allohga topshirib, maxsus mashg‘ulotlar lageri uchun Ozarbayjonga ketdim, — dedi u.

“Yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim”

Blogerning fikricha, parhez paytida inson ruhiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

— Ko‘pchilik istagan taomini yeyolmagani uchun asabiylashadi. Ammo atrofdagilarning mehri va e’tibori bu qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Mashg‘ulotlar davomida to‘rt soat uzluksiz sport bilan shug‘ullanib, 4000 kilokaloriya sarflardim. Iste’mol qilgan ovqatim esa hatto 900 kilokaloriyaga ham yetmasdi. Bu tartib olti oy davom etdi. Hozir 36 yoshdaman, ammo organizm ko‘rsatkichlari 29 yoshli insonnikiga yaqin, — dedi u.

Ovqatlanish tartibi qanday bo‘lgan?

Elbek Ibrohimovning ta’kidlashicha, intizom va tartib har qanday natijaning asosi hisoblanadi.

— Sog‘lom ovqatlanishda barcha mahsulotlarni me’yorda iste’mol qilish mumkin. Qat’iy parhezda esa non, shakar va shirinliklar butunlay chiqarib tashlanadi. Bu davrda tovuq go‘shti, baliq va kletchatkaga boy mahsulotlar eng yaxshi tanlov hisoblanadi. Men hozir ham parhezdaman va go‘shtni asosan haftaning oxirgi kunida iste’mol qilaman, — dedi bloger.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ozish jarayoni nafaqat tashqi ko‘rinishini, balki xarakterini ham o‘zgartirgan.

— Mashg‘ulotlar meni haqiqiy ma’noda tarbiyaladi. Vaznim 107 kiloga tushgan paytlarda oilamni qattiq sog‘inib, hammasini tashlab ketish haqida ham o‘ylaganman. Mashg‘ulotlar Baku va Moskva shaharlarida o‘tkazildi. Quvonarlisi, loyihada qatnashgan 12 davlat orasida O‘zbekiston birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, — dedi Elbek Ibrohimov.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar