Mirziyoyev va Shtaynmayer qator qo‘shma loyihalarga start berdi

Mirziyoyev va Shtaynmayer qator qo‘shma loyihalarga start berdi

Shavkat Mirziyoyev va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi qator qo‘shma loyihalarga rasman start berdi.

Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ikki davlat rahbarlari muzokaralar o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma bayonotni qabul qildi.

Shuningdek, moliyaviy hamkorlik sohasidagi hujjatlar almashildi hamda barqaror shaharsozlik loyihalari uchun grant va imtiyozli moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Prezidentlar ishtirokida Toshkent shahrida Volkswagen avtomobillarini yirik uzelli yig‘ish zavodi faoliyatiga start berildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatida Germaniyaning Henkel kompaniyasi ishtirokida suyuq tozalash vositalari ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi.

Andijon viloyatida esa «O‘ztemiryo‘lkonteyner» va Rhenus Group hamkorligida logistika markazi qurilishi boshlandi.

Tomonlar ishtirokida ta’lim sohasidagi ikki loyiha ham ishga tushirildi. Ular orasida Deutsche Bahn bilan hamkorlikda temiryo‘l mutaxassislarini tayyorlash kurslari va Telc nemis tili imtihon markazi bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Volkswagen va «O‘zavtosanoat» tarkibiga kiruvchi Alyans Auto kompaniyasi 2025 yilda avtomobillarni yirik uzelli yig‘ish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.

Loyiha doirasida dastlab Toshkentda yig‘uv ishlab chiqarishi tashkil etiladi, keyinchalik Angrenda to‘liq ishlab chiqarish siklini yo‘lga qo‘yish va eksportni boshlash rejalashtirilgan.

«O‘zavtosanoat» rahbariyatining ma’lum qilishicha, Germaniya brendining yettita modeli bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Avtomobillar O‘zbekiston ichki bozori bilan bir qatorda MDH, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga ham yetkazib berilishi rejalashtirilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar