Abituriyentlar diqqatiga: qabul bugun tugaydi

O‘zbekistonda davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga 2026/2027 o‘quv yili uchun hujjat topshirish jarayoni bugun, 25 iyun kuni yakunlanadi.
Abituriyentlar hujjatlarini my.uzbmb.uz platformasi orqali soat 23:59 ga qadar onlayn tarzda topshirishlari mumkin. Mutaxassislar hujjat topshirishni so‘nggi daqiqalarga qoldirmaslikni tavsiya etmoqda.
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning ta’kidlashicha, kunning ikkinchi yarmida tizimga kiruvchilar soni keskin ortishi mumkin.
“Kun oxiriga borib serverlarga yuklama oshsa, kutilmagan texnik nosozliklar yoki tizimda sekinlashishlar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas. Shu sababli ro‘yxatdan o‘tishni imkon qadar ertaroq yakunlab qo‘yish maqsadga muvofiq”, — deydi u.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 25 iyun kuni soat 08:05 holatida 691 ming 450 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Ularning 315 ming 717 nafari yoki 46,3 foizini erkaklar, 365 ming 733 nafari yoki 53,7 foizini esa ayollar tashkil etmoqda.
Qabulning yakunlanishiga sanoqli soatlar qolgan bir paytda hujjat topshirmagan abituriyentlarga shoshilish tavsiya etilmoqda.






























Izohlar 0
…