Dam olish kunlari jazirama kuchayadi: harorat necha darajaga chiqadi?

Dam olish kunlari jazirama kuchayadi: harorat necha darajaga chiqadi?

O‘zbekistonda dam olish kunlari havo yanada isishi kutilmoqda. Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, respublikaning aksariyat hududlarida quyoshli va quruq ob-havo saqlanib qoladi, ayrim joylarda esa havo harorati 42 darajagacha ko‘tariladi.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, 25–26 iyul kunlari mamlakat hududida asosan kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz ob-havo hukm suradi. Faqat ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli bor.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dam olish kunlari havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilib boradi. Yakshanba kuni kunduzgi harorat aksariyat hududlarda 36–39 daraja atrofida bo‘ladi. Shimoliy, janubiy va cho‘l mintaqalarida esa jazira yanada kuchayib, termometr ustunlari 40–42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Shuningdek, respublikaning shimoli hamda cho‘l hududlarida shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi mumkin. Ayrim joylarda kuchli shamol chang-to‘zonlarni yuzaga keltirishi ehtimoli ham mavjud.

Sinoptiklar bugun, 24 iyul kuni Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi hamda tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bunday hududlarda yashovchi fuqarolar va dam olishga chiqqanlar ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etilmoqda.

Poytaxtda ham dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Toshkent shahrida ob-havo kam bulutli bo‘lib, quruq saqlanadi. Bugun kunduzi havo 34–36 darajagacha isiydi. 25 iyul, shanba kuni kechasi 21–23 daraja, kunduzi esa 35–37 daraja bo‘lishi prognoz qilingan. 26 iyul, yakshanba kuni esa kechasi 22–24 daraja, kunduzi 36–38 daraja issiq bo‘ladi. Shamol sharqdan soniyasiga 3–8 metr tezlikda esadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar